Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng, delegatsiya aʼzolari Jalolobod viloyati gubernatori Absattar Sirgaboyev tomonidan qabul qilindi. Mazkur amaliy muloqotda ikki hudud oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga urgʻu qaratilgan rasmiy uchrashuv chogʻida eksport-import masalalarida hamkorlik oʻrnatish, xususan Namanganga qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, goʻsht, mahsulotlari, qurilish materiallari va koʻmirni yetkazib berish, Jalolobod viloyatiga esa tikuvchilik va oziq-ovqat sanoatini olib kirish boʻyicha istiqbolli rejalarni amalga oshirish xususida soʻz yuritildi.

Namangan delegatsiyasi aʼzolari Jalolobod viloyatida yashab, Qirgʻiziston ravnaqiga salmoqli hissasini qoʻshib kelayotgan oʻzbek millatiga mansub vatandoshlarimiz bilan uchrashdilar.

Maʼlumot oʻrnida, hozirgi kunda Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod viloyatida 1 million 238 ming aholi istiqomat qilayotgan boʻlsa, ularning 26 foizi oʻzbeklarni tashkil etadi. Jalolobodda oʻzbek tiliga ixtisoslashgan 21 ta maktab faoliyat yuritmoqda, ularda mahalliy hukumat tomonidan zarur shart-sharoitlar hozirlangan. Darvoqe, “Yangi tong” nomi bilan faoliyat olib borayotgan gazata tahririyati ayni vaqtda 3 ming adadda chop etilmoqda.

Delegetsiya vakillari Jalolobod gubernatori hamrohligida qandolatchilik mahsulotlari fabrikasi ish faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur korxonada yuzdan ortiq xotin-qizlar doimiy ish bilan taʼminlagan. Ushbu korxona mahsulotlariga ichki bozorda talab juda yuqori ekanligini eʼtiborga molik.

“Kelechek” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan mineral suvlar nafaqat Qirgʻiziston, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari, shu jumladan Oʻzbekiston bozorlarida ham oʻz oʻrnini topib ulgurdi. Maʼdanli va boshqa turdagi ichimlik suvlari ishlab chiqarayotgan mazkur korxona faoliyati ham mehmonlarga tanishtirildi.

Namangan delegatsiyasining tashrifi dasturi asosida bir qator sanoat ishlab chiqarish korxonalarida ham boʻlindi. Jalolobodning Sputnik shaharchasida joylashgan Oʻrta Osiyo toshni qayta ishlash korxonasida nafaqat ichki, balki tashqi bozorga ham xaridorgir qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Oʻzgan tumanida katta tosh koni mavjud boʻlib, qurilish sanoati korxonalari uchun zarur xomashyo hisoblanadigan travertin kabi toshlar shu yerdan keltiriladi.

“Mira” savdo belgisi bilan turli xil qishloq xoʻjalik mahsulotlarini konservalash, sharbatini olish, qadoqlash, ichimlik suvlari ishlab chiqarish va eksport qilish bilan muvaffaqiyatli shugʻullanib kelayotgan korxona faoliyati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shu joyning oʻzida Namangan va Jalolobod viloyatlari rahbarlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Tashrifning ikkinchi kuni avvalida boʻlgan Jalolobod viloyatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar yarmarkasida viloyat hokimligi mutasaddilari, qoʻshni Qirgʻizistonning Jalolobod viloyati bilan chegaradosh tumanlar hokimlari hamda ekportyor tadbirkor va ishbilarmonlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari boʻyicha muzokaralar olib bordi.

- Oʻzbek va qirgʻiz xalqlari bitta ariqdan suv ichadigan, tili va dini bir, oʻzaro maqsadlari mushtarak boʻlgan ahil va totuv elmiz. Ikki mamlakat rahbarlarining doʻstona ruhdagi uchrashuvlari hamkorligimizni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi, - deydi “Art soft Holding” kompaniyasi rahbari Gʻiyosiddin Boboxonov. - Mart oyi oxirida jalolobodlik hamkorlarimiz korxonamizga tashrif buyurib, oʻzaro hamkorlik qilish istagini bildirishgandi. Mana, Jaloloboddagi tadbirkor ogʻalarimizning intilishlarini ham koʻrib xursand boʻldik. Oʻzaro muzokaralarimizning amaliy natijasi sifatida, Jalolobod shahrida qiymati 25 million dollarga teng boʻlgan, 450 kishining bandligini taʼminlaydigan, paxtadan ip va ipdan momiq sochiq ishlab chiqarishga ixtisolashgan fabrikalar quramiz. Hamkorlikdagi ushbu loyihamizni 2022-yilning uchinchi choragida ishga tushirishni rejalashtirganmiz.

Tashrifning asosiy tadbirlaridan sanalgan “Namangan-Jalolobod” biznes forumi ham gʻoyat qizgʻin ruhda oʻtdi. Unda har ikki viloyat rahbarlari, rahbar oʻrinbosarlari, chegaradosh tuman hokimlari, tadbirkorlar va ishbilarmonlar ishtirok etdilar.

Biznes forumda viloyatimiz rahbari Shavkat Abdurazzaqov soʻz olib, barcha hamkorlarni faollikka chaqirdi.

Biznes forumdan keyingi muzokaralar Namangan hamda Jalolobod viloyatlari tadbirkorlar va ishbilarmonlari ishtirokidagi “B2B” doirasidagi uchrashuvlarda davom ettirildi. Ikki tomon hamkorlari oʻrtasida shartnomalar imzolandi.

Viloyat hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Okibjon Inomovning aytishicha, ikki hudud tadbirkorlari iqtisodiyot, sanoat, qishloq xoʻjaligi, tekstil, turizmni rivojlantirishga qaratilgan jami 12 ta investitsiyaviy va eksport-import shartnomalari imzolandi.

Farhod MAMADALIYEV,

Viloyat hokimligining axborot xizmati rahbari.