Namangan muhandislik-qurilish institutida IT-markaz ochildi

    Bugun Namangan muhandislik-qurilish instituti IT-markazining foydalanishga topshirish marosimi bo'ldi. Mazkur dargoh Inkubatsiya hamda Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash markazlarini o'z ichiga oladi.

    Inkubatsiya markazi yoshlarga startaplar bo'yicha asosiy va fundamental bilim berish bilan bir qatorda ularga o'zlarini axborot texnologiyalari sohasida tadbirkor sifatida namoyon etishiga imkon beradi. Shu tariqa, “startap” tushunchasi talaba uchun begona bo'lmaydi.

    Tabiiyki, innovatsion loyihani yaratish uchun soha mutaxassislarining yo'l-yo'riq va tavsiyalari kerak. Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash markazida talabalar mavjud muammolar va ularning yechimini aniqlash, shuningdek, turli loyihalar ustida mutaxassislar va davlat idoralari vakillari bilan bemalol hamkorlik qilishlari mumkin.

    NamMQI IT-markazini barpo etishga 1,3 milliard so'm mablag' sarflandi. Bu yerda 60 nafar talaba bir paytning o'zida shug'ullanishi uchun zamonaviy kompyuterlar bilan ta'minlangan konferens-zal, axborot texnologiyalari va innovatsiyadan saboq beriladigan to'garaklar, talabalar mutaxassislar hamda tengdoshlari bilan maslahatlashish, fikr almashishi uchun Zoom-aloqa xonasi, dam olish va psixolog bilan muloqot qurishga mo'ljallangan relaks xonasi, axborot texnologiyalari va innovatsiyalarga oid adabiyotlardan iborat mo''jaz kutubxonaga o'rin ajratilgan.

    Marosimda institut rektori Sharifboy Ergashev, IT- Park Namangan viloyat filiali direktor o'rinbosari Sherzod Tursunov so'zga chiqib, talabalarni yaratilayotgan zamonaviy imkoniyatlar bilan tabrikladi. Tadbir davomida institutning iqtidorli talabalari va magistrlari tomonidan yaratilgan startap loyihalar taqdimoti ham o'tkazildi.

    Azizbek Abduvaliyev,

    NamMQI media markazi rahbari.