Mehmonlarga institutda ta’lim sifatini oshirish, bu boradagi xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Yosh tadqiqotchilar, talabalar tomonidan ilmiy izlanishlar mahsuli sifatida innovatsion loyihalar, ixtirolar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Institutda Hindiston elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Hindistonni o‘rganish xonasi”ning tantanali ochilish marosimi ham bo‘ldi.
Elchi Manish Prabxat janoblari o‘z so‘zida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil oktyabr oyida Hindistonga tashrifi, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqanligini ta’kidladi.
Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati, professor Odiljon Mamatkarimov davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida asosiy xorijiy sheriklarimizdan biri Hindiston bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish belgilanganligini qayd etdi.
O‘zbekiston va Hindiston davlatlari o‘rtasidagi izchil aloqalar fan, ta’lim sohalarida ham o‘z samarasini bermoqda. Farg‘ona vodiysida yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Namangan muhandislik-texnologiya instituti tomonidan bugungi kunda Somaya muhandislik va axborot texnologiyalari universiteti, Javoharlal Neru universiteti, Abdul Qalam milliy texnika universiteti, Maharashta shtatidagi Panju Gani ta’lim markazi, Haydarobod ingliz va chet tillari universiteti, Indira Gandi milliy ochiq universiteti, Akola universiteti kabi Hindistonning o‘nlab oliy o‘quv yurtlari bilan muntazam hamkorlik o‘rnatilgan.
– O‘zbek va Hind xalqlari azaldan birodarlik va hamkorlik aloqalarini olib borgan, buyuk mutafakkir Zahiriddin Muhammad Boburning ikki xalq uchun qilgan ezgu ishlari millatlarimiz o‘rtasidagi uzilmas ko‘prik vazifasini o‘tab kelmoqda, – dedi rektor Odiljon Mamatkarimov. – Institutimiz jamoasi bugungi kunga qadar Hindistondagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz, 2014 yilda Panjabrao Deshmukh nomidagi qishloq xo‘jalik xalqaro universiteti rektori, institutimizning faxriy professori Raviprakash Dani rahbarligida Akola shahrida tashkil etilgan Butunjahon fermerlar uyushmasi va qishloq ho‘jaligiga bag‘ishlangan nufuzli konferensiyada institutimiz vakillari bilan ishtirok etganmiz.

Har yili o‘nlab yosh professor-o‘qituvchilar va talabalarimiz Hindiston universitetlarida tashkillanadigan ilmiy-amaliy anjumanlar, seminar-treninglar, intensiv til o‘rganish kurslari, energetika, matematika, qishloq ho‘jaligi, muhandislik, axborot texnologiyalari sohalaridagi istiqbolli loyihalarda faol ishtirok etib kelmoqda. Birgina, o‘tgan 2020 yilning o‘zida, institutimiz professor o‘qituvchilaridan to‘qqiz nafari Hindiston elchixonasi tomonidan moliyalashtiriladigan “ITEC” dasturi doirasida Hindistonning Haydarobod, Dehli, Kalkutta, Mumbai shaharlarida uzoq va qisqa muddatli stajirovka va malaka oshirish kurslarida qatnashib qaytdi.
Tantanali tadbirda yangi o‘quv xonasiga talabalarni Hindiston tarixi, madaniyati, san’ati va taniqli siymolarining asarlarini o‘rganishlariga ko‘maklashish maqsadida zamonaviy elektron doska, turli bosma va elektron qo‘llanmalar, adabiyotlar taqdim etildi. E’tiborlisi, so‘nggi rusumdagi zamonaviy qurilma ko‘magida talabalar masofadan turib, Hindistondagi nufuzli universitet va institutlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, o‘zaro bilim almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolaversa, hindistonlik yetakchi professorlarning onlayn darslari ham yo‘lga qo‘yiladi.
Lal Bahodir Shastri nomidagi Hindiston madaniy markazi direktori Chander Shekxar so‘zga chiqib, Hindiston hukumati tomonidan o‘zbekistonlik talabalarga magistr va doktorlik darajasiga ega bo‘lish uchun har yili 25 o‘rinli stipendiyalar dasturi amalga oshirilayotganligini, hozirda o‘zbekistonlik talabalar Hindiston texnologiya instituti, Mumbay va boshqa shaharlardagi nufuzli texnik oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotganini ma’lum qildi.
Hindistonning texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida har yili 170 dan ziyod o‘zbekistonlik rahbar kadrlar axborot texnologiyalari, ingliz tili, biznesni boshqarish, moliya, tadbirkorlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshirayotganligi aytib o‘tildi.
O‘zA