Namangan shahar hokimi va poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari oʻzaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqarodan pora soʻraydi.

DXXning xabar berishicha, ular shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan, maʼnan eskirgan turar-joy binolari oʻrniga koʻp qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming AQSH dollari talab qiladi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirda dastlab Jamiyat rahbari ushbu soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi oʻzining yana bir ishonchli odami boʻlgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.

Hozirda Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, DXX tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, MCHJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Shahar hokimiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Eslatib oʻtamiz, 2023-yildan buyon Anvar Xoʻjaxonovich Otaxoʻjayev Namangan shahar hokimi vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.