Namangan shahridagi 46-umumtaʼlim maktabida ana shu maqsadda xayrli tashabbusga qoʻl urildi. Bugun ilm maskanida “Senator va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, yuqori palataning xotin-qizlar va gender tengligi masalalari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari Nosirbek Abdullaxanov, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Rustamjon Isroilov, xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati Shamsiddin Qayumov va boshqa qator mutassaddilar qatnashdilar.

750 nafar yoshlar taʼlim-tarbiya olayotgan bilim dargohidagi tadbirda yuqori sinf oʻquvchilarining boʻsh vaqtini mazmunli uyushtirish uchun kimyo, biologiya, ingliz tili, matematika hamda fizika fanlaridan maxsus chuqurlashtirilgan toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, mashgʻulotlarni oliy toifali mutaxassislar tomonidan olib borilishiga, ertangi kunimiz egalarini oliy taʼlim muassasalariga qamrab olish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ochiq muloqotda senator Nosirbek Abdullaxanov mazkur maktabdagi eng namunali, iqtidorli va salohiyatli oʻquvchilarning 10 nafariga tanlov asosida har oyda 250 ming soʻmdan stipendiya joriy etish tashabbusini bildirdi.

Uchrashuv yakunida oʻgʻil-qizlarga ziyo ulashishda ibrat koʻrsatayotgan, katta tajribaga ega boʻlgan ustozlarning ikki nafariga televizorlar topshirildi.

Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati.