Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Namangan va Andijon viloyatlari hokimliklarining Namangan viloyatining Namangan shahri, Toʻraqoʻrgʻon va Chortoq tumanlaridagi jami, 313,7 gektar yer maydonida “Namangan-textile” erkin iqtisodiy zonasi va Andijon viloyatining Paxtaobod tumanidagi 55 gektar yer maydonida “Andijan-textile” erkin iqtisodiy zonalari tashkil etish hamda ularning hududiy chegaralarini tasdiqlash taklifi maʼqullanadi.
Quyidagilar “Namangan-textile” va “Andijon-textile” erkin iqtisodiy zonalarining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilanadi:
toʻqimachilik sanoatining iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan toʻqimachilik mahsulotlarining, eng avvalo, yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardosh toʻqimachilik mahsulotlarini yuqori texnologik ishlab chiqarishga qayta yoʻnaltirish orqali hajmi va sifatini oshirish;
tashqi bozorlarda talab katta boʻlgan va import oʻrnini bosuvchi, yuqori qoʻshilgan qiymatli gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini jalb etish;
mavjud xom ashyo va materiallarni yetishtirishdan boshlab, unga dastlabki ishlov berish, mahsulotlarni qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor toʻqimachilik mahsuloti chiqarish bosqichigacha boʻlgan ishlab chiqarish integratsiyasini nazarda tutuvchi rivojlanishning klaster modelini amalga oshirish;
tarmoq korxonalarining logistika va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bilan oʻzaro uzviy bogʻliqlikda, shu jumladan koʻp funksiyali transport-logistika xablarini qurish, yuklarni yetkazishning optimal yoʻnalishlari hamda yoʻlaklarini tanlash, shuningdek, transportda yuk tashish tariflarini optimallashtirish orqali rivojlantirishni taʼminlash;
yuqori sifatli tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportini kengaytirish, milliy brendlarni jahon bozorlariga olib chiqish maqsadida ishlab chiqarish jarayoniga ilgʻor innovatsion texnologiyalar, nou-xau, dizaynerlik ishlanmalarini keng joriy etish, furnitura va aksessuarlarning zamonaviy namunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish;
toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport geografiyasini yana-da kengaytirish va jahon bozorlarini bosqichma-bosqich egallash hamda xalqaro reytinglarda Oʻzbekistonning toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish darajasini oshirish.
Shuningdek, “Namangan-textile” va “Andijon-textile” erkin iqtisodiy zonalarining investitsion jozibadorligini oshirish va mahsulot tannarxini pasaytirish maqsadida Davlat xususiy sherikchilik asosida yer maydonlarida quyidagi faoliyatlarni tashkil etish nazarda tutiladi:
toʻqimachilik, tayyor tikuv va trikotaj mahsulotlarini, hamda ularni ishlab chiqarish uchun talab etiladigan xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar, furnitura va aksessuarlar, boʻyoq va kimyoviy moddalar, texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlari ulgurji va chakana savdosi;
ombor, cargo-service (xalqaro yuk tashish) va yuk avtoulovlari uchun toʻxtab turish (parking), birlamchi tibbiy yordam xizmatlari, mehmonxona, bank, soliq va boshqa xizmatlar turlari;
eksport-import yuklarini bojxona rasmiylashtiruvi, shuningdek ularni sifatini sinovdan oʻtkazish laboratoriyalari faoliyatini tashkil etish hamda karantin va muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish;
har yili kamida ikki marta (bahor va kuz fasllarida) “Shopping festival” xalqaro ommaviy koʻrgazma-savdo tadbirlarini oʻtkazish va boshqalar.
Mehmonxona, oziq-ovqat, birlamchi tibbiy yordam va yoʻlovchilarni tashish xizmatlaridan tashqari boshqa xizmat turlari “Yagona darcha” interaktiv uslubida tashkil etiladi.
Belgilab qoʻyilishicha:
“Namangan-textile” va “Andijon-textile” erkin iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatish muddati, keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi;
“Namangan-textile” va “Andijon-textile” erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari erkin iqtisodiy zonalarning butun faoliyat koʻrsatishi davrida soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod etiladi.
“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, Namangan va Andijon viloyatlari hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Namangan-textile” va “Andijon-textile” erkin iqtisodiy zonalari hududlarida 2020-2022-yillarda toʻqimachilik brendini yaratish maqsadida, import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari, furnitura va aksessuarlar, boʻyoq va kimyoviy moddalar, texnologik uskunalar hamda ularning ehtiyot qismlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish boʻyicha investitsiya loyihalari roʻyxatini shakllantiradi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalar Maʼmuriy kengashiga kiritadi.
Koʻrsatib oʻtilishicha, “Namangan-textile” erkin iqtisodiy zonasi hududida ajratiladigan yer maydonlarida yuqori qoʻshilgan qiymatga ega yangi investitsiya loyihalarini hamda boshqa infratuzilma obyektlarini joylashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1-bosqich – Namangan viloyati Namangan shahrining Qoʻqumboy, Samarqand va Ijodkor massivlaridagi jami 113,2 ga yer maydonida;
2-bosqich – Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanining Gʻayrat hamda Chortoq tumanining Muchum massivlaridagi jami 200,5 ga yer maydonida.