Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov Ukrainaning mamlakatimizdagi elchisi Nikolay Doroshenko, Xmelniskiy shahar meri Aleksandr Simchishin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Viloyat hokimi mehmonlar bilan 60-xalqaro gullar festivali boʻlib oʻtayotgan bir paytda Namanganda uchrashib turganidan mamnunligini izhor qildi hamda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy potensiali haqida soʻzlab berdi va hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari borasida takliflarini bildirdi. Jumladan, savdo, logistika, ishlab chiqarish, turizm sohalarini rivojlantirish borasida koʻp ishlarni amalga oshirishimiz mumkinligini taʼkidladi.
Oʻz navbatida Xmelniskiy shahar meri Aleksandr Simchishin Namangan bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanini aytib, viloyat hokimiga oʻz tashakkurini izhor qildi.
Namangan va Xmelnitskiy shaharlari oʻrtasida iqtisodiy munosabatlardan tashqari, oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida hamkorlik, talabalar almashinuvi, stipendiyalar joriy etish va taqdim qilish sohalarida hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Soʻngra Xmelnitskiy shahar meri Aleksandr Simchishin va Namangan shahar hokimi Gʻofurjon Djamalov ikki shahar oʻrtasidagi ilk “Birodar shahar” kelishuviga imzo qoʻydilar, deb xabar beradi Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati.