Namangan viloyat prokurori fuqarolar muammolarini tingladi

    Ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlash orqali kambagʻallikni qisqartirish, aholi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish sektorlar faoliyatining asosiy vazifalariga aylangan.

    Belgilangan vazifalarni ijro etish maqsadida Namangan viloyat prokurori Jahongir Joʻrayevich Xatamov tomonidan Chust tumanidagi “Bibiona” ziyoratgohida “Sayyor qabul” oʻtkazildi.

    Qabul davomida ishga joylashtirish, kredit ajratish, imtiyozli ravishda harbiy xizmatni oʻtash va boshqa masalalar yuzasidan 13 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ushbu murojaatlardan 4 tasi joyida hal etilib, qolgan 9 tasi boʻyicha tegishli idoralarga muddatlar belgilanib, tegishli topshiriqlar berildi.

    Misol uchun, “Ariq boʻyi” MFYda yashovchi fuqaro U.Askarovaning murojaatiga koʻra, uni tumandagi “Baliqchi” MFYga yordamchi inspektor vazifasiga ishga joylashtirilishi taʼminlandi.

    Shu kabi, tumandagi Toshqoʻrgʻon MFYda yashovchi M.Rahimjonov va Bozorboshi MFYda yashovchi K.Abilovlarning harbiy xizmatni imtiyozli ravishda oʻtash haqidagi murojaatlari oʻzining ijobiy yechimini topdi.

    Viloyat prokuraturasi tomonidan barcha murojaatlar toʻliq va belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilishi nazoratga olindi.

    Bu boradagi tadbirlar barcha hududlarda davom ettirilmoqda.

    Namangan viloyati prokuraturasi