Namangan viloyati bolalar kutubxonasiga Muhammad-Sharif Soʻfizoda nomi beriladi

    Saylov 27 Sentabr 2021 1967

    Bu haqda Namanganda Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovchilar bilan uchrashuvida aytib oʻtildi.

    “Namanganning yana bir atoqli namoyandasi – yurtimizda birinchi boʻlib «Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor boʻlgan Soʻfizodaning hayoti va faoliyati har tomonlama eʼtiborga sazovor.Bu taraqqiyparvar inson 1913-yili Chust shahrida yetim bolalar uchun jadid usulida maktab tashkil qiladi.

    Zulm va zoʻravonlik, jaholatga qarshi sheʼrlar yozgani uchun, u quvgʻin va taʼqiblarga uchrab, ona yurtidan bosh olib ketishga majbur boʻladi. Soʻfizoda koʻp yillar xorijiy mamlakatlarni kezib, ilgʻor taraqqiyot namunalari bilan yaqindan tanishadi.

    U Hindistonda muallim, Afgʻonistonda maorif vazirining oʻrinbosari vazifalarida ishlaydi.

    Keyinchalik, yana Turkistonga qaytib, millatimizning koʻzini ochish, yoshlarni ilm-maʼrifatdan bahramand qilish yoʻlidagi ishlarini davom ettirganini sizlar yaxshi bilasiz.

    Afsuski, butun umr el-yurt tashvishi bilan yashagan Soʻfizoda 1937-yili “xalq dushmani” degan tuhmat bilan 57 yoshida otib tashlandi.

    Bu ulugʻ insonning ogʻir va mashaqqatli kechgan hayoti bir haqiqatni yana bir bor isbotlaydi – jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish hech qachon oson kechmagan.

    Vatanimiz istiqloli, xalqimiz ravnaqi yoʻlidagi ulkan xizmatlarini inobatga olib, Namangan viloyati bolalar kutubxonasiga Muhammad-sharif Soʻfizoda nomini bersak, oʻylaymanki, har jihatdan oʻrinli boʻladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.