Namangan viloyatida oilaviy mehmon uylari soni 213 taga yetdi

    Namangan viloyatida Turizm va sport vazirligi mutasaddilari tomonidan viloyatda mehmon uylari faoliyatini yo’lga qo’yishga doir targ’ibot ishlari o’tkazilishi natijasida u yerdagi oilaviy mehmon uylarining soni 213 taga yetishiga erishildi.

    Shu o’rinda ta’kidlash joizki, tushuntirish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

    Bu borada Bosh vazir o'rinbosari - turizm va sport vaziri A.Abduhakimovning 2018-yil 7-avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 631-sonli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asnosidagi buyrug'iga muvofiq Namangan viloyatining aholi xonadonlarida uyma-uy yurib, qator qishloq va mahallalarida oilaviy mehmon uylarini tashkil etish, ularda xizmat ko‘rsatish turlarini ko'paytirish, shu bilan birga oilaviy tadbirkorlik faoliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan ishlar olib borildi.

    Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani "Nanay" qishlog‘i, Chortoq tumani “Baliqli ko‘l” va “Oromgoh” MFY’lari, Kosonsoy tumani "Olmazor", "Jo'me", "Mahdumi A'zam" MFYlari, Chust tumani "G'ova" qishlog'i hamda Pop tumani "Chodak" qishloqlarida oilaviy mehmon uylarini tashkil etish bo‘yicha mahalliy hokimyat organlari mas’ullarining sayyor qabullari o’tkazildi. Ularning doirasida vaqtincha ishsiz bo’lgan fuqarolar hududiy Davlat xizmatlari markazi tomonidan tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

    Oilaviy mehmon uylarini tashkil etish istagida bo‘lgan 150 dan ortiq xonadon egalariga tegishli hujjatlarni taqdim etgan holda Oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestri ko‘chirmalari topshirildi.