Namangan viloyatida qadimiy ibodatxona topildi

    Qazish ishlari davomida qadimgi tosh davriga oid, hududda zardushtiylik qarashlari va islom dinining keng tarqalishi bilan bog‘liq o‘ta noyob topilmalar hamda ibodatxona kashf qilindi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan “Ichki va xalqaro turizmning “Uchtepa-Buloqmozor” majmuasi arxeologik yodgorliklarini o‘rganish va ularni moviy osmon ostidagi muzeyga aylantirish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida Norin tumanida zardushtiylik davriga oid qadimiy ibodatxona aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

    Akademik Ahmadali Asqarov boshchiligidagi ilmiy jamoa qazish ishlari davomida qadimgi tosh davriga oid, hududda zardushtiylik qarashlari va islom dinining keng tarqalishi bilan bog‘liq o‘ta noyob topilmalar hamda ibodatxonani kashf qildi.

    "Biz qazishma ishlarini olib borishdan avval tepalik ostida qadimiy hukmdorning qabri va o‘sha davr anʼanalariga ko‘ra unga qo‘shib ko‘milgan boyliklar bo‘lsa kerak, deb taxmin qilgandik. Natijalar biz kutgandan ham aʼlo bo‘ldi – qo‘lga kiritgan manbalarimizning ilmiy qimmati va ahamiyati beqiyos", deydi akademik A.Asqarov.

    “Uchtepa-Buloqmozor” yodgorligi, u yerdan topilgan boshsiz rohiba, kutvol (shahar hokimi) xotini va bolasining qoldiqlari, olovi o‘chmaydigan o‘choqlar haqidagi suhbat-maqola tez kunlarda eʼtiboringizga havola etiladi.