Namangan viloyatidagi “Nanay” qishlogʻi ekoturizm markaziga aylantiriladi

    Turizm 10 Iyul 2020 6982

    Namangan viloyati hokimining “Yangiqoʻrgʻon tumanida turizm va ekoturizmni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Yangiqoʻrgʻon tumanidagi “Nanay” qishlogʻining turizm va ekoturizm salohiyatini yana-da oshirishga, mahalliy aholining bandligini taʼminlash, kambagʻallikdan chiqarish, turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ushbu qaror bilan hududdagi samarasiz, oʻnlab yillardan beri foydalanilmasdan boʻsh va qarovsiz turgan koʻplab dam olish maskanlari negizida zamonaviy turizm obyektlari tashkil etiladi hamda “Nanay” qishlogʻi ekoturizm markaziga aylantiriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi PF–5780-son Farmonining 9-bandi 4-qismiga asoslanib, samarasiz, boʻsh va qarovsiz foydalanilmayotgan aktivlar Yangiqoʻrgʻon tumani hokimligining balansiga qaytariladi va ular oʻrnida zamonaviy dam olish joylari (kemping, oromgohlar, mehmon uylari va h.k.) tashkil etish maqsadida salohiyatli mahalliy va xorijiy investorlar (tadbirkorlik subyektlari) jalb etiladi.

    Viloyat hokimi qarori bilan, Yangiqoʻrgʻon tumanida turizm tarmogʻini boshqarishni tubdan takomillashtirish maqsadida, viloyat hokimligi huzurida alohida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan “Yangiqoʻrgʻon tumani “Nanay” qishlogʻini ekoturizm markaziga aylantirish, dam olish maskanlari

    bino-inshootlaridan foydalanish va ular faoliyatini muvofiqlashtirish Direksiyasi” tashkil etilmoqda.

    Viloyat Turizmni rivojlantirish boshqarmasiga Yangiqoʻrgʻon tumani “Nanay” qishlogʻini ekoturizm markaziga aylantirish borasida mahalliy va xorijiy investorlar bilan muzokaralar oʻtkazish, shuningdek bir oy muddatda ayrim turizm obyektlarini davlat-xususiy sherikchilik asosida ajratish boʻyicha loyiha tayyorlash vazifasi yuklatildi.