Namangan viloyati – real vaqt rejimida barcha hokimliklari “Ye-qaror” elektron tizimi orqali qaror qabul qilgan Respublikadagi birinchi viloyat boʻldi

    Raqamlashtirish 5 May 2021 948

    Avval xabar berganimizdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimi “Ye-qaror”ni joriy etish boʻyicha tizimli ishlar bajarilmoqda.

    3-may kuni Adliya vazirligi Ishchi guruhi koʻmagi bilan Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazoqqov va barcha tuman (shahar) hokimliklari “E-qaror” elektron tizimi orqali bir vaqtning oʻzida real vaqt rejimida, hech qanday qogʻozbozliklarsiz oʻzlarining birinchi elektron koʻrinishdagi qarorlarini qabul qilishdi.

    Oʻtgan haftada Adliya vazirligi Ishchi guruhi viloyatda qator boʻlib, bu borada viloyatdagi barcha hokimliklar va tashkilotlarining soha boʻyicha tegishli masʼullari ishtirokida seminar tadbiri oʻtkazildi.

    Taʼkidlash kerakki, yangi onlayn dasturning ustunlik tomonlari, chiqarilayotgan qarorlarni toʻgʻridan-toʻgʻri “E-qaror” tizimi orqali keng jamoatchilik bemalol kuzatib borishi mumkin.

    Eslatib oʻtamiz, noqonuniy hujjatlar qabul qilinishining oldini olish, hokimliklar faoliyati ochiq va oshkoraligini taʼminlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 218-son “Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.

    Qarorga asosan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron — “E-qaror” 2021-yilning yanvar – may oylarida Qashqadaryo viloyatida aprobatsiya qilish yuzasidan huquqiy eksperiment oʻtkazilishi, 2021-yil 1-iyuldan boshlab huquqiy eksperiment natijalari asosida “E-qaror” elektron tizimi respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etilishi belgilangan.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PF–6155-son Farmoniga asosan 2021-yil 1-iyulga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarorlarni faqatgina maxsus “E-qaror” elektron tizimi orqali tayyorlab, qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyish belgilangan.

    “E-qaror” elektron tizimini respublikamizning barcha hokimliklarida joriy etish orqali fuqarolarimizning mahalliy norma ijodkorligi jarayonida faol ishtiroki taʼminlanadi, hokimliklar faoliyati va ish yurituvi shaffoflashadi, hokimliklar tomonidan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari poymol boʻlishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun asossiz xarajatlar qilishga olib keluvchi ortiqcha maʼmuriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan qoidalar va normalar oʻrnatilishi oldi olinadi.

    Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi,

    Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati