Namangan viloyatining barcha hududlari jamoat transporti bilan taʼminlanadi

    Transport 6 Aprel 2021 1103

    Namangan viloyati boʻylab 382ta avtobus, 50dan ortiq mikroavtobuslar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Viloyatda jami 443ta tadbirkorlik subyektlari yoʻlovchi va yuk tashish sohasida faoliyat yuritmoqda.

    Namangan viloyati hokimligi, viloyat transport boshqarmasi tomonidan roʻyxat shakllantirilgan boʻlib, unga koʻra viloyatda 800ta avtobusga ehtiyoj bor. Hokimlik tomonidan tadbirkorlarni jalb etgan holda avtobuslar sotib olinyapti. 2021-yil yakuniga qadar tadbirkorlar tomonidan yana 150ta avtobus hamda 200dan ortiq mikroavtobuslar sotib olinishi rejalashtirilgan.

    Viloyatning olis va chekka hududlarida, qishloqlarni tuman markazlari, tuman markazlarini esa shahar markazlari bilan bogʻlovchi yoʻnalishlarda jamoat transporti qatnovi tashkil etiladi.

    Ayni paytda “Turon MBI-95” MCHJ tomonidan 6 mlrd 144 mln soʻm bank krediti mablagʻlari asosida “Samavto” zavodining Namangandagi filialidan 20 dona ISUZU avtobuslarini sotib olish boʻyicha tuzilgan shartnoma doirasida 16ta avtobus tashuvchiga yetkazib berildi.