Namangan xalqaro aeroporti tomonidan oʻtkazilgan davlat xaridi bekor qilindi

    Mamlakatimizda 13 May 2023 2060

    2023-yil 2-may kuni oʻtkazilgan 1 mlrd 440,0 mln soʻmlik davlat xaridida qonunbuzilishlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Namangan xalqaro aeroporti MCHJ buyurtmachiligida “Kompleks tozalash (obodonlashtirish) xizmatini koʻrsatish” yuzasidan 2023-yil 2-may kuni oʻtkazilgan 1 mlrd 440,0 mln soʻmlik davlat xaridida qonunbuzilishlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar toʻqnashuvi), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablariga amal qilinmagan.

    Ushbu xaridda ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabgorning hujjatlari xarid komissiyasining ikki nafar aʼzolari foydalangan kompyuter (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan.

    Mazkur holatlar boʻyicha davlat xaridi oʻtkazilgan kunning oʻzida xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish toʻgʻrisida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va qonuniy chora koʻrish uchun toʻplangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.

    Agentlik taqdimnomasiga binoan Namangan xalqaro aeroporti MCHJ tomonidan 3-may kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.