Namangan ziyolilariga ehtirom namunasi

    Umrimning saksoninchi dovoniga qadam qo'ydim. Bu galgi tavallud ayyomim hayotimdagi eng hayajonli va unutilmas voqea sifatida qalbimga muhrlandi.

    Boisi, muhtaram Prezidentimiz tug'ilgan kunim munosabati bilan 18-fevralda maxsus farmonga imzo chekdi.

    Yubileyda kaminani «O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni bilan taqdirlash haqidagi mamlakatimiz rahbarining Farmonini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi ijtimoiy rivojlanish departamenti mudiri Odil Abdurahmonov o'qib eshittirdi. Yuksak mukofotni tantanali ravishda topshirib, ko'ksimga taqishganida boshim osmonga yetdi.

    Fursatdan foydalanib, kamtarona mehnatlarimni yuqori darajada baholab, katta ehtirom bildirgan Yurtboshimizga matbuot orqali cheksiz minnatdorlik yo'llayman.

    Shu quvonchli lahzalarda rahmatli otam Fayzullo Imomovning yon daftarim ilk sahifasida va yozuv stolim ustida turadigan «O'g'lim, hayotning egri yo'llarida ham doimo to'g'ri yurgin!» deya aytgan purma'no hikmatli so'zlari alohida ahamiyat kasb etganini, har qanday holatda ilmga suyanmoq lozimligini yana bir karra angladim. Sobiq sho'rolar tuzumining dolg'ali yillari, vatanimiz mustaqillikka erishish ostonasidagi tahlikali davrlarga shaxsan guvohman.

    Siyosiy partiyalarda, Oliy Majlisda faoliyat yuritdim, xalq deputatligiga qayta-qayta saylashdi. Viloyatimizning to'ng'ich oliy o'quv yurti hisoblangan Namangan davlat universitetida uzoq yil rektorlik qildim. Samarali ilmiy maktab yaratishga intildim. Olimlik va arboblikni baravariga uddalash nasib etdi. Professorlik, siyosiy fanlar doktori maqomiga erishdim. Shukurki, hozirda izdoshlarimning sanog'i yo'q. Rag'bat odamni ruhlantiradi. «El-yurt hurmati» ordeniga, «O'zbekiston belgisi», «Oliy ta'lim a'lochisi», «Ma'naviyat fidoyisi» ko'krak nishonlariga loyiq ko'rishdi.

    Bayramona tadbirda atrofimda parvona bo'lgan, qutlab ardoqlagan yaqinlarim, do'st-u birodarlarim, kasbdoshlarim va shogirdlarim, farzandlarim, keng jamoatchilik e'zozidan behad mamnunman. Ha, barchalari «Inson qadri uchun» ezgu tamoyilining chiroyli namunasini ta'minlashdi. Yurtboshimizning mazkur e'tibori va e'tirofi Namangan ziyolilari, nuroniylari uchun sharaf va oilamizga shonli sanadir, desam, ayni haqiqatdir.

    Chin dildan ta'kidlashni istardimki, qayerda ishlashimdan, darajam va yoshim qandayligidan qat'i nazar, bor kuch hamda salohiyatimni Yangi O'zbekiston taraqqiyoti uchun sarflayman.

    Tursunboy FAYZULLAYEV,

    NamDU professori, siyosiy fanlar doktori, «El-yurt hurmati» ordeni va «O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni sohibi