Namanganda 109 nafar ayolga nisbatan jinoyat ishlari koʻrilib, ularning 91 nafariga jazo tayinlash boʻyicha hukm chiqarilgan

    Bu haqda viloyat sudida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻtkazilgan matbuot anjumanida aytib oʻtildi. Aytish lozimki, keyingi paytlarda mamlakatimizda sud ishlari shaffofligini taʼminlash maqsadida sudyalarning oʻz faoliyati yuzasidan jamoatchilikka axborot berish amaliyoti toʻliq yoʻlga qoʻyildi.

    Namanganda jurnalist va blogerlar bilan tashkil etilgan uchrashuvda fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish, odil sudlovni amalga oshirish borasida viloyat va viloyat maʼmuriy sudlari tomonidan 2021-yil birinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi.

    Taʼkidlanishicha, joriy yilning oʻtgan davrida jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati, tuman (shahar) sudlari tomonidan jami 1.053 nafar shaxsga nisbatan 825 ta jinoyat ishi koʻrilib, 774 nafar shaxsga nisbatan 565 ta hukm chiqarish, 275 nafar shaxsga nisbatan 256 ta jinoyat ishi boʻyicha harakatdan tugatish, 4 nafar shaxsga nisbatan 4 ta jinoyat ishi boʻyicha tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllash bilan yakunlangan.

    Hukm chiqarilgan ishlarning aksariyati qasddan badanga tan jarohat yetkazish, oʻgʻrilik, firibgarlik, oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, shtamplar, hujjatlar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, bezorilik jinoyatlarini tashkil etgan.

    Oʻz navbatida insonparvarlik tamoyiliga asoslangan holda 6 nafar shaxs oqlanib, 55 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod etilgani,JKning 57-moddasi qoʻllangan holda, jinoyat sodir etgan 288 nafar yoki 27,4 foiz shaxsga yengilroq jazo tayinlanib, 17 nafar yoki 1,3 foiz shaxs shartli hukm qilingani ham aytib oʻtildi. Shu bilan birgalikda 468 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, 7 nafar shaxsning jazosi yengilrogʻi bilan almashtirilgan. 272 nafar shaxs esa taraflarning yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan.

    Maʼlumki azaldan jamiyatimizda ayollarga boʻlgan hurmat va eʼtibor oʻzgacha boʻlib kelgan. Hozirgi kunda esa bu masala ustuvor vazifalar qatorida. Xususan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga doimiy ravishda moddiy, huquqiy yordam koʻrsatib kelinayotir. Shunga qaramasdan Namanganda ham ayollar oʻrtasida jinoyatchilik holatlari kuzatilayotgani dilni xira qiladi. Buni, masalan, yilning oʻtgan davrida 109 nafar ayolga nisbatan jinoyat ishlari koʻrilib, ularning 91 nafariga jazo tayinlash hukmi chiqarilganida koʻrish mumkin. Nozik jins vakillari tomonidan firibgarlik, oʻgʻirlik, hatto, oʻlim bilan bogʻliq jinoyatlarga qoʻl urilayotgani moʻtabar ayollarimiz shaʼniga isnod boʻlib tushmoqda.

    Bu oʻz navbatida aholi mazkur qatlami orasida profilaktika ishlarini kuchaytirish, ayni masalaga xotin-qizlar qoʻmitasi, mahalla faollarini keng jalb etish, jinoyatga moyil ayollar ongiga qonunlarga hurmat ruhini, jinoyat uchun jazo muqarrarligi prinsipini singdirishni taqozo etadi.

    Ota-ona nazoratidan chetda qolgan, nosogʻlom muhitda oʻsayotgan yoki boquvchisini yoʻqotgan voyaga yetmaganlar oʻrtasida badanga ogʻir va oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish, bezorilik, oʻgʻrilik, talonchilik kabi jinoyatlar sodir etish holatlari kuzatilayotgani ham tashvishli.

    Anjuman ishtirokchilariga koʻrib tamomlangan jinoyat ishlarini sudlanuvchilarning ish joyi, yaʼni, soha kesimida oʻrganilganda, eng koʻpi masʼuliyati cheklangan va aksiyadorlik jamiyatlari,xususiy tadbirkor, fermer xoʻjaligi rahbarlari va xodimlari, taʼlim tizimi xodimlari, tibbiyot vakillari, shuningdek oʻquvchi, talabalar, bank xodimlarini tashkil etganligi haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

    Jurnalist va blogerlar anjuman soʻnggida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.