Namanganda 15 mlrd soʻmlik sifatsiz dori vositalarining savdosi toʻxtatib qolindi

    Kosonsoy tumanida istiqomat qiluvchi shaxs 2100 dona qutidagi “Ferromed” nomli dori vositasini “shartli” xaridorga 168 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    DXXning maʼlum qilishicha, mazkur dorilar Hindistonda ishlab chiqarilgan boʻlib, davlat reyestridan oʻtmagan va muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan. Tezkor tadbir davomida uning yashash xonadonidan ham 4296 qutidagi “Ferromed” dori vositasi olindi.

    Baholash hisobotiga koʻra, jami 6396 qutidagi dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd 223 mln soʻmni tashkil etadi.

    Hozirda qonunbuzarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186³ -moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Namangan shahrida qayd etilgan holatda dori vositalari ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJ ombor mudiri va uning 2 nafar tanishiga qarashli 3 ta noturar bino koʻzdan kechirildi.

    Natijada, tegishli hujjatlari boʻlmagan, taxminiy qiymati 12,8 mlrd soʻmdan ortiq, 2307 turdagi, jami 195.323 dona kontrafakt dori vositalari mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.

    Hozirda ushbu dori vositalariga nisbatan sudga oid kimyoviy, tovarshunoslik ekspertizalari tayinlandi.

    Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa holatda esa Namangan shahri va Uychi tumanidagi 2 ta “yashirin ombor”dan xorijda ishlab chiqarilgan, taxminiy qiymati 1,2 mlrd soʻmlik, 128 turdagi jami 45.641 dona dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.

    Taʼkidlash lozimki, sifat sertifikatlariga ega boʻlmagan ushbu dori vositalarining ayrimlarini yaroqlilik muddati oʻtgan.

    Hozirda ushbu dori vositalari ekspertizaga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.