2017—2020-yillar bo'yicha o'tkazilgan tahlil natijalari Namangan viloyati Iqtisodiy taraqqiyot bosh boshqarmasi rasmiy saytida e'lon qilindi.
Shu vaqt davomida maktabgacha ta'lim sifati va qamrovini yaxshilash maqsadida davlat investitsiya dasturlari, mahalliy byudjet va boshqa manbalar hisobidan 1 225 o'rinli 6 ta yangi maktabgacha ta'lim muassasalari qurildi, 4 100 o'rinli 109 ta maktabgacha ta'lim muassasalari rekonstruktsiya qilindi hamda 50 ta maktabgacha ta'lim muassasalarida mukammal ta'mirlash ishlarini amalga oshirish hisobiga qo'shimcha 5 325 o'rin yaratildi.
Shuningdek, bo'sh turgan binolar va faoliyat ko'rsatmayotgan maktabgacha ta'lim muassasalari qaytadan moslashtirilib, 112 ta davlat maktabgacha ta'lim muassasalari, 71 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari, 38 ta davlat xususiy sherikchilik asosida, 935 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tashkil etildi.
Ushbu ishlarni amalga oshirish natijasida yangi qurish hamda rekonstruktsiya qilish hisobiga maktabgacha ta'lim muassasalari soni 472 tadan 1 618 taga yetkazilib, jami 99 924 o'rin yangi quvvatlar yaratilgani holda, qamrov koeffitsenti 50 059 dan 149 983 taga yetkazildi.
Ma'lumot uchun, 2020-yil yakuni bilan viloyatda 10 478 nafar pedagog tarbiyachilar bo'lib, ma'lumoti bo'yicha 2 967 nafari (28,5%) oliy, 568 nafari (6%) tugallanmagan oliy hamda 6 943 nafari (65,5%) o'rta maxsus ma'lumotli tarbiyachilar hissasiga to'g'ri kelgan.