Tadbirda bir qator davlatlarning Oʻzbekistondagi elchilari, diplomatik korpus vakillari, viloyat faollari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Joriy yil 19-maydan 23-iyunga qadar davom etgan festivalga 60 ga yaqin davlatdan 200 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurdi, mehmonlarning umumiy soni esa 6 million kishidan oshdi.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi, Afsonalar vodiysi tematik parki hamda Namangan shahri boʻylab 45 million tupdan ortiq gullar ekildi va betakror kompozitsiyalar yaratildi.
Oʻzbekiston sanʼat ustalari, taniqli xonandalar ishtirokida tashkil etilgan katta konsert dasturi davomida 63-xalqaro “Gullar festivali”ni yuksak saviyada oʻtkazishga munosib hissa qoʻshgan faollarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unga koʻra:
“Eng yaxshi dizayn yaratgan gulchi” sifatida – Mubosher Qodirov eʼtirof etildi.
Boshqarma va tashkilotlar oʻrtasida “Eng yaxshi landshaft dizayn” nominatsiyasi – Namangan shahridagi Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻiga nasib etdi.
Hokimliklar oʻrtasida “Eng maʼnaviyatga boy landshaft dizayn” nominatsiyasi boʻyicha Yangi Namangan tumani gʻolib boʻldi.
Ularga zamonaviy avtomashinalar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, “Gullar festivali avtoparadidagi faol ishtiroki”, “Eng yaxshi gul kompozitsiyasi”, “Milliy qadriyatlar boʻyicha gulchilar sulolasi davomchisi”, “Gullar festivalini tashkil etishdagi xizmatlari uchun” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar ham pul mukofotlari bilan taqdirlandilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.
Namangan “Gullar festivali” tufayli Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan tabiiy, ilmiy, adabiy, maʼnaviy–maʼrifiy goʻshanga, Samarqand va Buxoro singari Oʻzbekistonning turistik tashrif qogʻoziga aylandi.