Bugun erta tongdan «Dolzarb 40 kunlik» aktsiyasi doirasida, Davlatobod tumanida qurilishi boshlangan «Yangi Namangan» shaharchasi bo'ylab daraxt o'tqazildi.
Jarayonda Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, nuroniylar, mahalla faollari, korxona, tashkilot rahbarlari, yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi va Namanganni yashil hududga aylanishiga munosib hissa qo'shishdi.
Ma'lumot o'rnida, Davlatobod tumanining "Yuksalish" hamda To'raqo'rg'on tumanining "Ettikon" mahallalari hududidan yashil makon uchun 1 ming 371 gektar er ajratilgan. Bu hududda «Yangi Namangan» shaharchasini barpo etish uchun qurilish ishlari allaqachon boshlab yuborilgandi.
Maydon faqatgina binolardan iborat bo'lgan joy emas, balki ekologik musaffolik mavjud bo'lgan hududga aylanadi. Shu bois ham«Yashil hudud» 65 gektarlik «Yangi O'zbekiston bog'i» barpo etilmoqda.
Bugungi daraxt ekish aktsiyasida yig'ilganlar mazkur bog' loyihasi taqdimoti bilan ham tanishishdi va bog'ga ilk daraxtlarni o'tqazishdi.
«Yangi Namangan» shaharchasi to'liq qurib bitkazilganda aholiga shu erning o'zida yashashi, ishlashi va dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratiladi.
Natijada 2026 yilga borib "Yangi Namangan" shaharchasi bir million aholi istiqomat qiladigan yirik va yashil shaharga aylanadi.