Maʼlumotga koʻra, shu kuni soat 21:00 larda Yangiqoʻrgʻon tumanidagi xonadonlarning birida qarindoshlari bilan toʻy marosimida boʻlgan 2018-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan qizning nomusiga tegilgan.
Zudlik bilan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan 1987-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan fuqaro aniqlanib, qoʻlga olindi.
Holat yuzasidan Yangiqoʻrgʻon tumani IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Hozirda jinoyat ishi doirasida tegishli ekspertizalar tayinlangan boʻlib, dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Namanganda 7 yoshli qiz toʻy paytida oʻz qarindoshi tomonidan zoʻrlangani haqida xabar tarqalgandi. Tergov maʼlumotlariga koʻra, 1987-yilda tugʻilgan B.S. 2025-yil 14-oktyabr kuni togʻasining xonadonida boʻlib oʻtgan toʻyda ishtirok etgan. U toʻy paytida togʻasining nevarasi — 2018-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan I.K.ni aldash yoʻli bilan chetga olib chiqib, uning nomusiga teggan va voqea joyidan qochib ketgan. Hozirda jabrlanuvchi shifoxonaning jonlantirish boʻlimida davolanmoqda.
Maʼlum boʻlishicha, B.S. avval ham bir necha marotaba ogʻir jinoyatlar uchun sudlangan. U 2020-yil 26-fevralda Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) bilan aybli deb topilib, 10-yil 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. 2025-yil 19-fevralda uning oʻtalmagan jazo qismi axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan.
Bundan tashqari, 2014-yil 15-yanvar kuni u oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish, shuningdek, jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish va bezorilik moddalari boʻyicha aybdor deb topilib, 10-yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2015-yilda esa qolgan jazo muddati ham axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan.
Qidiruv tadbirlari natijasida erkak 2 kundan keyin qoʻlga olingan. 2025-yil 16-oktyabr kuni Yangiqoʻrgʻon tuman sudi uni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqida ajrim chiqargan.








