Bu haqda Daryo.uz xabar berdi.
“Bot-bot tilga olinayotgan ʼNamangan yezdaʼ kanali auditoriyasini tahlil qildik. 3200 nafar aʼzosidan bor-yoʻgʻi 150 nafarga yaqini avtomobillarni ijaraga beruvchilar, qolgan 90 foizi voyaga yetmaganlar, asosan, maktab oʻquvchilari”, degan viloyat YHXB boshligʻi.
Mansur Gaziyevga koʻra, avtomobillarni ijaraga beruvchilar bilan birma-bir muloqot qilinib, voyaga yetmaganlarga mashinalarni berib yuborishning yomon oqibatlari haqida ogohlantirilmoqda.
«Suhbat jarayonlaridan maʼlum boʻlyaptiki, bunday shaxslarning koʻpchiligi oʻzi avtomobilini ijaraga olgan yoki kredit toʻlayotganlar. Agar oʻzi mashinasini boshqarib, koʻchaga chiqsa, kuniga 200-300 ming soʻm topishi mumkin. Ijaraga berib yuborsa, soatiga shu pulni topyapti. Ammo avtomobilni olgan bolalar nobud boʻlayotgani yoki nogiron boʻlib qolayotgani haqida oʻylashmayapti. Avtomobiliga shikast yetkazgani uchun bolalar va ularning ota-onalari boʻyniga 10-20 million soʻm qarz ilib qoʻyilgan holatlar bor», degan Mansur Gaziyev.
Taʼkidlanishicha, avtomobilini voyaga yetmaganlarga ijaraga berayotgan shaxslarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish yuzasidan tegishli takliflar berilgan. Bu borada deputatlar, jamoatchilik faollari va OAV vakillari bilan hamkorlikda ishlanmoqda.