Qayd etilishicha, ushbu holat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olinib, vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida tegishli ishchi guruh Namangan viloyatiga yuborilgan. Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh akusher-ginekologi, tibbiyot fanlari doktori L.Abdullayeva boshchiligidagi malakali mutaxassislar guruhi tomonidan dastlabki oʻrganishlar olib borilgan.
Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 11-may kuni soat chamasi 09:00 larda Chortoq tumanida yashovchi 33 yoshli fuqaro B.U. tuman tibbiyot birlashmasi tugʻuruq boʻlimiga tibbiy koʻrikdan oʻtish maqsadida kelgan.
Oʻtkazilgan dastlabki tibbiy tekshiruvlardan soʻng ayolga “3-Homiladorlik. 39-hafta, 3 kun. Bachadon chandigʻi. Kamqonlik oʻrta darajasi. AAA (2-marta kesar kesish)” tashxisi qoʻyilib, tugʻuruqxonaga yotqizilgan. Shundan soʻng bemor holati haqida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyat filialiga xabar berilib, davolash jarayonlari uchun mazkur muassasadan mutaxassis chaqirilgan.
“Shu kuni soat chamasi 15:40 larda tibbiy koʻrsatmaga muvofiq ayolda filial ginekologiya boʻlimi mudiri, tibbiyot fanlari doktori T.Abdukarimov va tugʻuruqxona boʻlimi mudiri X.Abidova tomonidan kesarcha kesish amaliyoti bajarilgan. Jarrohlik jarayoni sanitariya qoidalariga toʻliq rioya qilingan holda va tegishli standartlar asosida amalga oshirilgan”, deyiladi xabarda.
Operatsiya davomida ayol roziligi bilan IJK (ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiyasi) qilingan. Amaliyot asoratsiz oʻtgan. Biroq ayolning homilasi bakterial va virusli infeksiya tufayli antenatal davrda vafot etgan. Anamneziga koʻra, bemor homiladorlik davrida kamsuvlik, 2-3-marta OʻRVI va oʻtkir siydik yoʻllari infeksiyasiga qarshi davolangan.
Oila aʼzolari tomonidan sud-tibbiy ekspertizasidan oʻtkazish yozma ravishda rad etilgani sababli marhumning jasadi tugʻuruqxona mudirasi tomonidan uyiga berib yuborilgan. Shu bois mazkur holat yuzasidan tugʻuruqxona boʻlimi mudiri X.Abidovaga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan.
«Jarrohlikdan soʻng bemorning bachadoni doim toza boʻlgan, bir necha marta UTT tekshiruvi oʻtkazilgan. Undan keyin ayol oʻtkir zamburugʻli kolpit bilan uy sharoitida mustaqil davolangan. Yaʼni oʻzboshimchalik bilan zamburugʻga qarshi tibbiy shamchalar va doka tampondan foydalangan.
Soʻnggi oylarda bemor sogʻligining yomonlashishiga aynan oʻtkir zamburugʻli kolpit bilan kasallanishi, siydik yoʻllari infeksiyasining takrorlanishi va laktatsiya qaytalanishi birgalikda kechgani sabab boʻlgan», deyiladi xabarda.
Shuningdek, ishchi guruhi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ayol qornida tibbiy doka va rezina qoʻlqop qolib ketgani haqida tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz ekani aytilgan.