Namanganda bogʻcha tarbiyachisi 1,5 yashar goʻdakning oyogʻini kuydirib qoʻydi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Namangandagi oilaviy bogʻcha tarbiyachisi 1,5 yosh bolaning oyogʻini kuydirib qoʻygani haqida videoxabar tarqaldi.

    Mazkur masala yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi hamda Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi.

    Bolalar ombudsmaniga koʻra, Pop tumanida yashovchi ayol farzandini vaqtincha parvarish uchun boshqa bir ayolga (tarbiyachiga) qoldirgan. Bir necha soatdan soʻng bolani olishga kelganida, uning oyogʻi kuyganini aniqlagan.

    Shundan soʻng, ayol farzandini shifokorga olib borganda, bolaga ayni kuygan payti zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatilmagani aniqlangan. Shu tufayli ona va tarbiyachi oʻrtasida nizo yuzaga kelgan.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasining xabar berishicha, Pop tumani, “Bogʻ” MFY hududida fuqaro S.Fazliddinova tomonidan uyida noqonuniy ravishda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan va litsenziyasiz taʼlim — tarbiya faoliyati bilan shugʻullangan.

    Har ikki tashkilot ham ushbu noqonuniy maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati toʻxtatilib, yuqoridagi holat yuzasidan huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga barcha hujjatlar taqdim etilganligi bildirildi.