Namanganda bola oʻgʻrisi qamoqqa olindi

    Chortoq tumanida yolgʻiz yashovchi 47 yoshli erkak koʻchada oʻynab yurgan 11 yoshli qizni aldab, oʻzining yashash xonadoniga olib kelgan va yashirib qoʻygan.

    Ish hujjatlarida keltirilishicha, bu ishni 1977-yilda tugʻilgan, bugungacha 5 marotaba sudlangan, Chortoq tumanining Beshkapa mahallasida yolgʻiz yashovchi A.I. qilgan.

    U 2024-yil 12-iyun kuni soat 19:30 larda mast holda tumanning Nurafshon mahallasi Ziyokor koʻchasidan oʻtib ketayotib, shu yerda yolgʻiz oʻynab yurgan 11 yoshli qizni aldab, oʻgʻirlab ketgan. Soʻngra uni shaxsiy erkinligidan mahrum etish maqsadida oʻzi yolgʻiz yashab kelayotgan uyga olib borib, yashirgan.

    A.I. notanish boʻlgan voyaga yetmagan qizni yashash xonadoniga olib kirib ketganini qoʻshnisi koʻrib qolgan hamda tuman IIB navbatchilik qismiga xabar bergan. IIB xodimlari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borib, oʻgʻirlab olib kelingan voyaga yetmagan qizni erkakning yashash uyidan topishgan. Qizaloq oʻzining oila aʼzolariga topshirilgan.

    Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “a” bandi (voyaga yetmagan shaxsni oʻgʻirlash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va A.I. gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan. Erkakka nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.