Namanganda ham mehribonlik uylari eshiklari yopildi

    Ijtimoiy hayot 13 Oktabr 2021 4857

    Bugungi kunga kelib Navoiy hamda Namangan viloyatlaridagi mehribonlik uylarida bironta qalbi oʻksik bolajon qolmadi. Ushbu muassasalar eshiklari butkul yopildi.

    Bu respublikamiz boʻylab Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini oʻz qaramogʻiga olayotgan oilalar soni koʻpayib borayotgani natijasidir.

    Oilaviy bolalar uylari faoliyatini yoʻlga qoʻyishdek ezgu ishga qoʻl urayotgan zamonamiz qahramonlari bilan suhbatlashganda “Mehribonlik uylarida hech kim qolmasligi kerak, shundagina ulugʻ ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz ruhlari shod boʻlib, bizdan rozi boʻladilar” deya bildirgan fikrlarini eshitib, oliyjanob xalqimiz borligidan va shu yurtda tugʻilib oʻsayotganimizdan beixtiyor qalbimizda faxr-iftixor tuygʻusi joʻsh uradi.

    Xususan, Namangan viloyat hokimligi, Xalq taʼlimi va Milliy gvardiya koʻmagida 26-sonli Mehribonlik uyida yashab kelgan 41 nafar tarbiyalanuvchilardan 26 nafari oʻz oilasiga va yaqin qarindoshlariga qaytarildi. 15 nafari esa oila sharoitidagi muhitda yashash baxtiga, ota-ona mehriga ega boʻldi.
    Kuni kecha ushbu Mehribonlik uyidan 5 nafar soʻngi tarbiyalanuvchilarni oʻz bagʻriga olgan Ismonboyevlar oilasi Namangan viloyatida Mehribonlik uyi eshiklari yopilib faoliyati butkul tugallanishiga hamda “Mehribonlik uyi” degan qalblarni ogʻrituvchi yozuvlarning olib tashlanishiga munosib hissa qoʻshgan holda zamonamiz qahramonlariga aylandi.
    Eslatib oʻtamiz, ilk bor respublikamiz boʻylab Navoiy viloyatida Mehribonlik uylari eshiklari yopilib, viloyatda mavjud Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida yashab kelgan 96 nafar qalbi oʻksik, tarbiyalanuvchilardan 53 nafari oilaviy bolalar uylariga, 11 nafar oʻgʻil-qizlar oʻz oilasiga va yaqin qarindoshlari bagʻriga qaytarilgandi. Shuningdek 32 nafari taʼlim muassasalariga oʻqishga kirib mustaqil hayotni boshlagandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi matbuot xizmati.