Namanganda Kamoliddin Rahimov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlangan xotira tadbiri bo'ldi

    Viloyat musiqali drama teatrida O'zbekiston xalq artisti, «Fidokorona mehnatlari uchun» ordeni sohibi, marhum san'atkor Kamoliddin Rahimov tavalludiga 80 yil to'lishi munosabati bilan xotira kechasi o'tkazildi.

    Unda viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qatnashdi va nutq so'zladi.

    - Xalqimizning ardoqli farzandi, benazir hofizimiz, faxru g'ururimiz Kamoliddin Rahimov - san'atkorlarning sarasi va ulug'i, desam mubolag'a bo'lmaydi. U o'zining mumtoz va zamonaviy qo'shiqlari bilan millionlab muxlislar qalbidan mustahkam joy egallagan, - deya ta'kidladi viloyat hokimi.

    Shuningdek, o'zgacha sog'inch va hurmat bilan tilga olinadigan «Namangan bulbuli»ni eslab, qadrlab va e'zozlab, gullar shahriga poytaxtimiz Toshkentdan hamda respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan mehmonlar ishtirok etishdi. Darhaqiqat, mohir sozanda, bastakor va xushovoz xonanda Kamoliddin Rahimov o'zbek milliy qo'shiqchilik tarixida o'chmas iz qoldirgan.

    «Ustozni yod etib» deb nomlangan katta tadbirda viloyat teatri, filarmoniyasi va maqomchilar ansamblining xonanda, sozanda va raqqosalari tomonidan Kamoliddin Rahimovning «Yaxshilarga yondoshib», «G'animat», «Hanuz», «Parvona», «Kutaman», «Onam», «Bir taraf», «Nargiz», «Ko'chamdan jonon o'tganda», «Aytishim shartmidi», «O'n sakkizda yor yoshi», «Rizo bo'lmasa», «Turnalar», «Qoshingiz qarosimu», «Farzandidurman», «Namangan tanovori» kabi mashhur qo'shiqlaridan termalar ijro etildi. O'lmas taronalarni tomoshabinlar ham birga kuylashdi.