Namangan viloyatida “Koʻmir taʼminot” masʼuliyati cheklangan jamiyati viloyat filiali boshligʻi oʻrinbosari oʻzining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni tumanlardan biridagi koʻmir ombori rahbari lavozimiga tayinlash hamda omborga keluvchi koʻmir ortilgan yuk vagonlari sonini koʻpaytirib berish evaziga 40 000 AQSH dollari talab qilgan.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 6-dekabr kuni u soʻralgan mablagʻning 25 000 AQSH dollarini filial ishchisi orqali olib, fuqaroni ombor mudiri lavozimiga tayinlanishini taʼminlagan.

Keyinchalik esa mansabdor shaxs qolgan 15 000 AQSH dollari, shuningdek omborga koʻmir ortilgan 30 ta vagon yuborilgani uchun “ulush” sifatida 7 500 AQSH dollari — jami 22 500 AQSH dollari talab qilgan. Ushbu mablagʻ vositachi boʻlgan filial ishchisi orqali olinayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan noqonuniy harakatlarga chek qoʻyilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllangan.

Shuningdek, koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida aholiga koʻmir mahsulotlarini oʻz vaqtida va imtiyozli narxlarda yetkazib berilishi yoʻlga qoʻyilgan.