Namanganda korxona ishchisi qalbaki valyuta sotayotganda qoʻlga tushdi

    Voqea-hodisalar 1 Iyul 2025 448

    “Kosonsoy tuman yoʻllardan foydalanish” unitar korxonasi ishchisi va unga sherik boʻlgan yana ikki kishi qalbaki 20 ming dollarni 14 ming dollarga sotayotgan vaqtida ushlandi.

    Qayd etilishicha, Namangan viloyati “Kosonsoy tuman yoʻllardan foydalanish” unitar korxonasi ishchisi oʻzganing ishonchiga kirib, goʻyoki oʻzida qalbaki 20 ming AQSH dollari borligini va uni haqiqiy 14 ming AQSH dollariga sotishini aytadi.

    Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, unitar korxona ishchisi oʻzaro kelishuv doirasida xaridorga qalbaki 8 ming AQSH dollarini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Shuningdek, u mazkur qalbaki xorijiy valyutani Kosonsoy tumanida yashovchi, 1985-y.t. shaxsdan olganligi aniqlanib, ushbu fuqarodan ham yuqoridagi kelishuv doirasidagi soxta 6 ming AQSH dollari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, 1985-y.t. shaxs ushbu qalbaki valyutalarni Kosonsoy tumanida istiqomat qiluvchi, 1992-y.t. fuqarodan olganligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.

    Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.