DRTS (Drip Research Technology Solutions) tomchilatib sugʻorish va agrotexnologiyalar boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniya boʻlib, 35 yillik tajribaga ega. AQSH, Turkiya va Hindistonda filiallari bor.

Hozirda kompaniya tomonidan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida 40 gektar maydonda lavanda plantatsiyasi barpo etilyapti. Sulaymon Xartavioʻgʻli xuddi shunday plantatsiyani Namangan viloyatida ham joylashtirishni taklif etdi.

—Lavanda koni foyda oʻsimlik. Tibbiyot va parfyumeriyada keng qoʻllaniladi, suvi, guli va moyidan foydalanish, eksportga yoʻnaltirish mumkin. Kilogrammi jahon bozorida 8-9 ming dollar baholanadi, bir gektardan esa 70-80 kilogramm moy olish mumkin. Eng asosiysi, lavanda koʻp suv va parvarish talab qilmaydi, Oʻzbekiston sharoiti uchun juda qulay dedi, — dedi Sulaymon Xartavioʻgʻli.

Mazkur tashabbus viloyat hokimi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Buning uchun “Kosonsoy-farm” EIZ hududi bilan tanishishni taklif qilib, bu yerda plantatsiyalar tashkil etish va ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun barcha sharoitlar yaratilganini taʼkidlandi.

— Bu yoʻnalish agroturizm uchun ham istiqbolli hisoblanadi. Qolaversa, bunday plantatsiyalar tashkil etish orqali yangi ish oʻrinlari yaratiladi, eksport imkoniyati tugʻiladi, — dedi viloyat rahbari.

DRTS kompaniyasi mintaqaviy vakili shu kunning oʻzida “Kosonsoy-farm” EIZda boʻlib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Kompaniya tomonidan tumanda tomchilatib sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham yaqindan koʻmak berilishini bildirdi, deb xabar beradi Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.