Namanganda oʻtkazilgan sayyor qabul natijalari qanday boʻldi?

    Mamlakatimizda 21 Iyul 2021 798

    Prezident Xalq qabulxonalari Namangan shahri, Uchqoʻrgʻon, Kosonsoy va Chust tumanlarida cud-huquq masalalari boʻyicha tashkil qilgan sayyor qabullarda ham bu jihatlar oʻzining amaliy ifodasini topdi, odamlar bilan jonli muloqot asosida ularning masalasiga yechim topish, qonun ustuvorligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrildi.

    Ichki ishlar vazirligi masʼullari bilan avvalgi va bu galgi muloqotlardan soʻng ilgari sohadagi xizmatidan nohaq boʻshatilgan mayor Anvarjon Turgʻunov, kapitan Behzodbek Madaminov, katta leytenant Elmurod Boyxonov, kichik serjant Jahongir Shokiraliyev, serjant Kamoliddin Manzurov, safdor Elyor Husanovning necha yillik sarsongarchiliklari barham topdi. Ularning Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga yoʻllagan, oldin oʻtkazilgan shunday qabullardagi murojaatlari oʻrganilishi va natijada ichki ishlar vazirining xulosasiga asosan bu 6 nafar sobiq ichki ishlar xodimi maxsus unvonlari bilan oradagi uzilish xizmat muddatiga qoʻshilgan holda ichki ishlar organlariga ishga tiklandi.

    Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi bois masʼullar ularning dardu tashvishlarini eshitdi, muammosini xolis oʻrgandi, sudda va tizim rahbarlari oldida ularning aybsizligi isbotlanib, bugun yana oʻz ishiga qaytarildi. Deylik, Namangan shahar ichki ishlar tizimida jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili boʻlib ishlagan katta leytenant Elmurod Boyxonov oʻtgan yili karantin vaqti bir bank xodimi kovid xastaligiga chalingani haqida togʻasining oʻgʻliga audioyozuv yuborgani, togʻavachcha esa uni tanishlariga ulashgani mojaroga aylanadi. Oqibatda xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, 2020-yil 13-aprelda u ichki ishlar organi xodimi degan yuksak nomga dogʻ tushishiga yoʻl qoʻyganligi uchun ishdan boʻshatiladi. Soʻng katta leytenant Boyxonov sudga arz qiladi. Fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudi esa 2020-yil 21-iyuldagi hal qiluv qarorida uni ichki ishlar organlari xizmatidan boʻshatilishi haqidagi buyruqni gʻayriqonuniy deb topib, ishga tiklash haqida qaror qabul qiladi. Bugungi qabuldagi murojaatdan soʻng esa katta leytenant Elmurod Boyxonov Uychi tumani ichki ishlar boʻlimi probatsiya guruhi inspektori lavozimiga tayinlandi.

    Kichik serjant Jahongir Shakaraliyev va serjant Kamoliddin Manzurov yoʻl harakati xavfsizligi tizimida ishlagan. 2019-yil 25-noyabr kuni ular “Toshkent — Oʻsh” avtomobil yoʻlida avtomobillardan birini toʻxtatgan. Bu faoliyatni kuzatib turgan masʼul xodimlar olgan tezkor videotasvirlarga koʻra esa, ular haydovchidan pulga oʻxshash narsalarni olib, avtomashina hujjatlarini qaytarib berganligi, bu xatti-harakat shubhali ekani sababli xizmat tekshiruvi tayinlangan. Bu tekshiruv natijasida ular ham ichki ishlar organi xodimi shaʼniga putur yetkazuvchi xatti-harakat sodir etgan, deb topilib, 2020-yil 6-yanvarda ishdan boʻshatilgan. Bu ish ham sudda koʻrilgach, fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudi 2020-yil 22-iyulda serjant Kamoliddin Manzurovni, 2020-yil 15-dekabrda esa kichik serjant Jahongir Shakaraliyevni oqladi. Sudning hal qiluv qarorlariga koʻra, ularni ichki ishlar organlariga tiklanishi belgilandi. Bu galgi muloqotlardan soʻng kichik serjant Jahongir Shakaraliyev patrul-post tizimi haydovchisi, serjant Kamoliddin Manzurov esa Namangan viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlimi inspektori vazifalariga ishga qabul qilindi.

    Muloqotlar jarayonida Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi rahbarlari koʻrib chiqqan 451 ta masalaning 239 tasiga joyida yechim topildi. Eʼtiborlisi, qabullar doirasida bir qator mahkumlarning murojaatlari asosida ishi qayta koʻrib chiqildi. Jumladan, namanganlik Jamoliddin Zayniddinov kosonsoylik qarindoshi Nodir Zunnunovning ishini qayta koʻrib chiqib, adolatli yechim topib berishni soʻradi. Gap shundaki, Nodir Zunnunov firibgarlik qilgani uchun jinoyat ishlari boʻyicha Chust tuman sudining 2020-yildagi hukmiga koʻra, 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Lekin Jamoliddin Zayniddinovning aytishicha, ular qarindoshi yetkazgan zararni qoplab bergan. Bu ish ham Namangan viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida atroflicha koʻrib chiqildi va mazkur sud ajrimi bilan Nodir Zunnunov qamoqdan ozod etildi.

    Komila Nabiyeva esa Oliy sud masʼullariga qamoqda belgilangan jazo muddatini oʻtayotgan turmush oʻrtogʻi qilmishlariga yarasha jazo olayotganini, lekin uning salomatligi yomonlashayotgani uchun uning ishini qayta koʻrib chiqishlarini iltimos qildi. Farzandlarini yolgʻiz oʻstirayotgan onaning murojaati asosida bu ish ham qayta koʻrib chiqilib, erining jazo muddati 5 yilga qisqartirildi.

    Murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha oʻtkazilgan sayyor sud majlislarida jami 90 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod etildi, tomonlar yarashgani yoki zararlar qoplab berilgani munosabati bilan 15 ta jinoyat ishi, 102 ta maʼmuriy ish yurituvdan tugatildi.

    Bosh prokuratura masʼullari koʻrib chiqqan 125 ta masalaning 8tasiga joyida yechim topildi. Uchqoʻrgʻonlik Shahzoda Sadriddinovaning aytishicha, Namangan davlat universitetining yuridik fakultetini tamomlagan farzandi Husniddin Azimov maʼlum muddat ichki ishlar idoralarida xizmat qilgach, Bosh prokuratura huzurida ochilgan “Agroinspeksiya” viloyat boʻlimida katta inspektor lavozimida faoliyat olib bordi. Mazkur tashkilot prokuratura tizimidan chiqib ketgach, mavjud shtatlar qisqaradi. Shu tufayli u ishsiz qoladi. Onaxonning murojaatidan soʻng 2 yildan beri ishsiz boʻlgan yosh huquqshunosni Namangan harbiy prokuraturasiga ishga qabul qilish masalasi boʻyicha aniq muddatli topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.

    Kosonsoy tumanidagi 30-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti vakillarining shikoyat qilishicha, ular ishlagan muassasada 2019-2020-yillarda taʼmirlash ishlari olib borilgani sababli xodimlar oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan holda bir yil boʻsh qolgan, biroq ularga oylik ish haqlari toʻlanmagan. Murojaatdan soʻng adliya tizimi vakillari yordamida ularga 1 yillik ish haqlari undirib beriladigan boʻldi.

    Uychilik Abdurahmon Mamajonov va turmush oʻrtogʻining tadbirkorlik obyekti buzilib, bozor hududiga qoʻshib berilgan, biroq ularga vaʼda qilingan kompensatsiya puli va yer maydoni hanuzgacha ajratilmagan ekan. Namangan viloyat hokimi bu masalani atroflicha oʻrganib, qonuniy hal qilib berishni oʻz zimmasiga oldi. Shu kabi murojaat asosida 2005-yildan buyon boshpanasiz, ijarama — ijara sarson yurgan Nargiza Ahmedova uy-joy bilan taʼminlanadigan boʻldi.

    Umumlashtirib aytsak, Namangan viloyatining barcha hududi aholisi qamrab olingan qabullarda 926 nafar murojaatchining 942 ta masalasi koʻrib chiqildi. Ularning 378 tasi joyida hal etildi, 203 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 361 ta murojaat nazoratga olindi.