Namanganda paxtachilik yoʻnalishidagi yangi klaster ishga tushdi

    Mamlakatimizda 25 Oktabr 2020 2000

    Namangan shahrining Rovuston dahasida “Namangan paxta teks” klaster korxonasini qad rostladi.

    Loyihaning umumiy qiymati 92 milliard soʻm boʻlib, mazkur korxonaga Xitoyning “WILTOP export & import” kompaniyasida ishlab chiqarilgan qiymati 6,78 million dollarga teng zamonaviy yigiruv, toʻquv, tikuv va boʻyash texnologik liniyalari sotib olindi.

    Loyiha doirasida rekonstruksiya va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun jami 5,0 milliard soʻm mablagʻ “Namangan paxta teks” MCHJning oʻz mablagʻlari hisobidan sarflandi.

    Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 4 000 tonna paxta tolasini qayta ishlab, 3 400 tonna kalava-ip ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Kelajakda bu yerda 500 tonna momiq sochiq va 3 300 ming p/m mato ishlab chiqariladi hamda buyurtmaga asosan 1 300 tonna kalava-ip mahsulotlari isteʼmolchilarga xom yoki boʻyalgan holda yetkazib beriladi.

    Ushbu loyiha toʻliq ishga tushishi bilan 1 000 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

    “Namangan paxta teks” MCHJda ishlab chiqarilgan tayyor matolarning 20 foizini respublikada yangi tashkil etilgan tikuv-trikotaj majmualariga yetkazib berish, qolgan 80 foiz tayyor mahsulotlarni eksport qilish koʻzda tutilgan.

    Kosonsoy tumanidagi paxta xom-ashyosi yetishtirishga rejalashtirilgan 3 955 gektar yer maydoni klaster tashkilotchisi “Namangan paxta teks” MCHJga ajratib berildi. Bu bilan loyiha doirasida klasterning paxta xom-ashyosidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirishga muhim omil yaratildi.

    2020-yil paxta hosilidan jami 11 300 tonna xom-ashyo yetishtirish rejalashtirilgan boʻlib, tumandagi 173 ta fermer xoʻjaligi bilan shartnomalar tuzilgan va belgilangan tartibda boʻnak pullari toʻliq oʻtkazib berilgan.

    Shuningdek, lizing asosida 12 dona TTZ-10 NS chopiq traktori, 10 ta KXU-4V kultivatori, 4 ta OVX-600 purkagichi, 4 ta shtangel “ALFA-60” bargdan oziqlantirish moslamasi, 4 ta SCHX-4V chigit ekish seyalkasi sotib olinib, fermer xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

    Loyiha ishlari davom ettirilib, unga koʻra 2021-yilning II-choragida paxta chigiti va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan yogʻ-moy ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihaning qiymati 7,5 milliard soʻmni tashkil etib, 100 foiz klaster korxonasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi va buning natijasida qoʻshimcha 50 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, deb xabar beradi Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati.