Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona qoʻmitasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari belgilangan talab va qoidalarga zid ravishda dori vositalarini tayyorlab kelayotgani aniqlandi.
Xususan, biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi MCHJ rahbari tomonidan belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda dori vositalarini tayyorlash maqsadida tashkil etilgan sex koʻzdan kechirildi.
Natijada, unda mavjud boʻlgan 1,2 mlrd soʻmdan ortiq qiymatdagi 9 turdagi 138031 quti dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalar, 1,8 mlrd soʻmlik prekursorlar, 3,4 mlrd soʻmlik flakon, qopqoq, quti va etiketkalar, 18 mlrd soʻmlik 14 nomdagi ishlab chiqarish uskunalari, 5,6 mlrd soʻmlik 23 dona katta va kichik hajmdagi maxsus idishlar – yaʼni, umumiy qiymati oʻrtacha 30 mlrd soʻmni tashkil etuvchi tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Maʼlum boʻlishicha, MCHJ faqatgina biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarish uchun sertifikat olgan boʻlishiga qaramasdan, sanitariya talablariga javob bermaydigan joyda, nomlarini oʻzgartirgan holda 9 turdagi kontrafakt dori vositalarini ham tayyorlab kelgan.
Jumladan, “Pikovit” dorisi – Pivovit, “Kanefron” – Kanaseron, “Espumizan” – Espumetik, “Nistatin” – Nestitam koʻrinishida ishlab chiqarilgan.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, qoʻlbola usulda tayyorlangan dori vositalari Fargʻona vodiysi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarga yetkazib berilgan.
Hozirda qalbaki dori vositalari boʻyicha ekspertiza tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, dori vositalarini tegishli tartib va meʼyorlarga amal qilmagan holda ishlab chiqarish va sotish – uni isteʼmol qilgan insonning sogʻligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Oʻzgalar hayotini xavf ostiga qoʻyish qonun oldida javobgarlikka sabab boʻladi.








