Namanganda qalbaki dori vositalarini tayyorlash va sotish bilan shugʻullangan tibbiyot xodimi ushlandi

    Chortoq tuman Tibbiyot birlashmasining tez yordam boʻlimi feldsheri 1000 dona qalbaki “Zodak” dori vositasini Andijon viloyatiga sotish maqsadida olib ketmoqchi boʻlgan vaqtida qoʻlga olindi.

    Bu haqda DXX axborot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, uning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda dori vositalari ishlab chiqarish uchun moʻljallangan yashirin sex borligi aniqlanib, 763 dona “Anaferon”, 2125 dona “Zodak”, 4000 dona “Vitamin V6” dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan flakonlar, qutilar, yoʻriqnoma va yorliqlar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxs tayyorlangan dori vositalarini saqlash uchun qarindoshining yashash xonadonidan ombor sifatida foydalangan va tezkor tadbir davomida ushbu manzildan ham sotish uchun tayyorlab qoʻyilgan 120 dona “Zodak”, 260 dona “Anaferon”, 96 dona “Xilak Forte” hamda 313 dona nomsiz flakonlarda sirop holdagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, Chortoq tuman tez yordam boʻlimi feldsheri 2023-yilning sentyabr oyidan buyon ushbu noqonuniy ish bilan shugʻullanib kelganligi va uni hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan Andijon viloyatida yashovchi fuqarolar Qirgʻiz Respublikasidan noqonuniy yoʻllar bilan olib kelingan dori vositalari xom-ashyolari bilan taʼminlab turganliklari maʼlum boʻldi. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon, Fargʻona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan.

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi “b” va “ye” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, mazkur shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.