Fuqarolik ishlari bo'yicha Chust tumanlararo sudining 2023 yil 18 apreldagi ijro varaqasiga asosan da'vogor X.Musaeva foydasiga javobgar R.Musaevdan 6 yoshli farzandini olib berish belgilangan.
Bo'lim ish yurituviga olingan mazkur hujjat ijrosini ta'minlash maqsadida javobgarga ixtiyoriy muddat berilgan. Lekin ota farzandini bergisi kelmay, sud hukmini ixtiyoriy bajarishdan bosh tortib, berkitib yuradi.
Shundan kelib chiqqan holda boshqarma xodimlari tomonidan qidiruv e'lon qilinib, kuzatuv ishlari olib boriladi. Bu ishlar samara berib, joriy yilning 11 sentyabr kuni bola otasi bilan Toshkent viloyatida ekanligi aniqlanadi. Boshqarma ma'sullari zudlik bilan Namangandan borib, bolakayni ona bag'riga olib berishdi. Shu bilan bo'lim ish yurituvidagi hujjat ijrosi ta'minlandi, deya xabar bermoqda MIBning Chust tuman bo'limi.