баннер
22 Apr 2025
06:22

    Namanganda qurollangan IIB xodimlari fuqarolarning xonadonlarida tintuv oʻtkazdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari fuqarolarning yashash xonadonida tintuv oʻtkazgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan rasmiy munosabat berildi.

    Namangan IIBning maʼlum qilishicha, shu yilning 25-26-fevral kunlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarning Qoʻshma qaroriga asosan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi muammolarini oʻrganish, chegara oldi hududlarida jamoat hamda aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan Uchqoʻrgʻon tumanining chegara oldi hududlarida targʻibot va reyd tadbirlari olib borilgan.

    Bunda, mahalliy aholi bilan suhbatlar oʻtkazilib, yashash xonadonlarida noqonuniy tovarlar saqlamaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, fuqarolarning xonadonlarida boʻlish ularning roziliklari bilan amalga oshirilgan.

    “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisidagi“ Qonunning 17-moddasiga asosan, jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatlarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlari oʻz vakolatlari doirasida fuqarolarga tegishli boʻlgan turar joylarda, yer uchastkalarida ularning roziligi bilan boʻlish huquqiga ega.

    Shu bilan birga, 2025-yil 26-fevral kuni mazkur tadbirga jalb etilgan ayrim xodimlar tomonidan tadbirning mazmun mohiyati notoʻgʻri talqin qilinishi natijasida, ushbu tadbir videotasvirlarida aks etgan holatlar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining eʼtirozlariga sababchi boʻldi.

    Hozirda xabarni notoʻgʻri talqinda ijtimoiy tarmoqlarga tarqalishiga sababchi boʻlgan xodimga nisbatan viloyat IIB tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda.
    Shu bilan birga, ushbu tadbirlar davomida hech qanday tergov yoki boshqa protsessual harakatlar, shu jumladan “tintuv“ harakatlari olib borilmagan va tadbir fuqarolarning shaxsiy xavfsizligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatlarning oldini olish kabi maqsadlarda amalga oshirilgan, — deyiladi munosabatda.

    Shuningdek, Jinoyat-protsessual qonunchiligiga koʻra, “tintuv“ oʻz mohiyati va amalga oshirish mexanizmiga koʻra butunlay boshqa huquqiy tabiatga ega boʻlgan tergov harakatidir.

    Tintuv chogʻida jinoyat ishi uchun ahamiyatga molik narsalar, buyumlar, hujjatlar yoki elektron maʼlumotlar qidiriladi va olinadi. Bunda, zaruratga koʻra, xonadondagi barcha joylar va mulklar (shkaf va berkitish (saqlash) mumkin boʻlgan boshqa joylar) birma-bir tekshirilib, belgilangan bayonnoma rasmiylashtiriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-1-moddasiga asosan, OAVlari Internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-saytiga yoxud boshqa axborot resursiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtirilguniga qadar uning toʻgʻriligini tekshirishi lozim.

    Shunga koʻra, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilardan, OAVlaridan aholi hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni notoʻgʻri talqin qilmasliklarini soʻraymiz, — deyiladi xabarda.
    Telegram kanalimiz
    Text to speech