Namanganda robototexnika va sanoat dizaynerlari tayyorlanadi

    Ta'lim 3 Iyul 2020 1714

    Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamda Belarus milliy texnika universiteti oʻrtasida talabalar almashinuvi, professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish, qisqa muddatli stajirovkalar tashkil qilish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

    Xorijiy oliy taʼlim muassasasining tajribasi va yuqori salohiyatidan foydalangan holda Namangan muhandislik-texnologiya institutida sanoat dizayni, robototexnika yoʻnalishlari boʻyicha “2+2” qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyiladi. Bundan koʻzlangan maqsad biznes inkubatorlar va bilimlar uzatish ofislarini yaratish, innovatsion markazlar faoliyatini takomillashtirishdan iborat. Mazkur loyihani shu yilning avgust oyida toʻliq amalga oshirish koʻzda tutilgan.

    - Dastlabki oʻquv yili uchun 50 nafar talaba qabul qilinadi. Qoʻshma taʼlim dasturi asosida sanoat dizaynerlari, trikotaj mahsulotlari bilan ishlovchi tekstil muhandislar, axborot xavfsizligi va raqamli tizimlar bilan ishlaydigan mutaxassislar, robototexnika sohasidagi injiner-texnologlar tayyorlanadi, - deydi NamMTI ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Oybek Ergashev. - Talabalar ikki yil Namanganda, yana ikki yil Belarusda tahsil oladilar. Bu esa oʻz navbatida ikki tomonlama diplom olish imkoniyatini beradi. Magistratura bosqichi bir yil boʻlib, xohlagan davlatda taʼlimni davom ettirish mumkin.

    Bundan tashqari, oʻzaro hamkorlikda innovatsion markaz faoliyatini yana-da takomillashtirish, ilmiy texnologik parklarni tashkil etish, fundamental va xalqaro grantlarni oʻzlashtirishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

    Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalari soʻnggi yillarda yangi bosqichga chiqdi. Bugungi kunda har ikki mamlakatning 15dan ziyod oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida oʻzaro munosabatlar oʻrnatilgan. Qayd etish darkor, mazkur Yevropa davlati axborot texnologiyalari borasida salmoqli natijalarga erishgan. Belarus milliy texnika universiteti esa bir asrlik tarixga ega boʻlgan, jahonning yetakchi oliygohlarining “top 1000”taligiga nufuzli taʼlim muassasasi hisoblanadi.

    Namangan muhandislik-texnologiya instituti axborot xizmati.