Bitiruvchilar bandligini taʼminlash, ular uchun munosib ish oʻrinlarini yaratish borasida ham institutda amaliy ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Kuni kecha tashkil etilgan “Taʼlim va mutaxassislik” xalqaro mehnat yarmarkasi shu jarayonlar uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻldi.
Mehnat yarmarkasi ochilishida Namangan shahrining Davlotobod tumani hokimi Anvarjon Tojimirzayev ishtirok etib, oʻz nutqida birgina Davlatobod tumanida hozirda 15 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlari yaratilganligiga toʻxtaldi.
Taʼkidlash kerakki, mazkur tumanning asosiy drayveri yengil sanoat sohasi sanaladi. Namangan muhandislik-texnologiya institutida ham asosiy taʼlim yoʻnalishlari aynan yengil sanoat tarmogʻi uchun mutaxassislarni tayyorlashga moslashtirilgan.
Institut rektori, professor Odiljon Mamatkarimov ham soʻz olib, bitiruvchi yigit-qizlarga oq yoʻl tiladi.
Tadbirda viloyatimizdagi 56 ta korxona va tashkilotlar 10 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdilar. Shu kunning oʻzida 356 nafar institut bituruvchilari oʻz mutaxassisliklari boʻyicha korxonalar bilan mehnat shartnomalarini imzolashdi.
Bundan tashqari, Davlatobod tumanidagi umumtaʼlim maktablari, NamMTI akademik litseyi bitiruvchilari ham mazkur yarmarka bilan yaqindan tanishishdi. Ular uchun institutdagi mavjud mutaxassislik kafedralarining koʻrgazmalari uyushtirildi.
Maʼmurjon ERGASHEV,
Namangan muhandislik-texnologiya instituti axborot xizmati rahbari.