Namanganda urug'lik bug'doy tayyorlash ishlari tahlil qilindi

    Namangan viloyatida 2022 yil hosili uchun 67 ming 750 gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilishi rejalashtirilgan bo'lib, shundan 13 ming 849 gektari ochiq maydonlarga, 53 ming 901 gektar maydon g'o'za qator orasiga mo'ljallangan. Ayni kunlarda deyarli barcha maydonlardagi nihollar unib chiqib, dastlabki agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Namangan viloyat boshqarmasida respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Viloyatda 2022 yil uchun urug'lik bug'doy tayyorlash ishlarining tahlili” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

    Unda viloyat bo'yicha kelgusi yilda urug'lik tayyorlovchi fermer xo'jaliklari o'rtasida o'tkazilgan tanlov, urug'lik bug'doyning yig'ishtirib olinishidan to dalaga ekilib, unib chiqqunigacha bo'lgan jarayonda agrotexnik tadbirlar ustidan o'rnatilgan nazorat, urug'lik bug'doylarning tayyorlanishi, dorilash, saqlash kabi masalalar yuzasidan boshqarma boshlig'i o'rinbosari Ilhomjon Shodmonov, boshqarma bosh inspektori Narimon Isomiddinov va To'raqo'rg'on tuman bo'limi boshlig'i Nuriddin Yahyoyev batafsil ma'lumotlar berishdi.

    Ta'kidlanganidek, viloyatdagi klaster korxonalari va fermer xo'jaliklari tomonidan ekilgan g'alla maydonlarida belgilangan agrotexnik tadbirlar o'z muddatida va sifatli yo'lga qo'yilmoqda. Natijada hozirgi kunga qadar 61784 gektari yoki 91 foizi unib chiqib, shundan 11783 gektari 1-2 barg, 29414 gektari 3-4 barg va 20677 gektari tuplash fazasida rivojlanmoqda.

    Jurnalistlarning joriy yilning 10 oyi mobaynida don ekinlari urug'chiligi yo'nalishida “O'zagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi va tuman bo'limlari tomonidan o'tkazilgan nazorat tadbirlari, qo'llanilgan ta'sir choralari, yangi urug'larni sertifikatlash tartiblari kabi qator savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.

    Ilhomjon Musayev,

    “O'zagroinspektsiya” Namangan viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari.