Namanganda Xitoy investorlari ishtirokidagi biznes-forumda 1 mlrd dollarga yaqin shartnomalar imzolandi

    Namangan–Xitoy investitsiya va biznes forumida umumiy qiymati 967,5 million dollarga teng 30 ga yaqin shartnoma imzolandi.

    Forumda ishtirok etish uchun Xitoydan Namanganga 300 nafardan ortiq kompaniya rahbarlari va tadbirkorlar keldi. Ular dastlab viloyat markazida tashkil etilgan “Namanganda ishlab chiqarilgan” koʻrgazmasi bilan tanishdi.

    Bu yerda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, elektrotexnika, qurilish, zargarlik, oziq-ovqat va mebel sanoati mahsulotlari namoyish etildi. Shundan soʻng xitoylik mehmonlar hududlarga chiqib, shahar-tumanlarning investitsiyaviy imkoniyatini oʻrgandi.

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan Namangan – Xitoy xalqaro investitsiya va biznes forumida soʻzga chiqqan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzaqovning qayd etishicha, bugungi kunda Namanganda Chin yurti kapitali ishtirokida 71 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Yengil sanoat, qurilish materiallari, farmatsevtika, meva-sabzavotni qayta ishlash va turizm yoʻnalishlarida 850 million dollarlik 28 ta loyiha amalga oshirilgan.

    Jumladan, Chust tumanida xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan Tai Chang Special Steel qoʻshma korxonasi tomonidan qiymati 95 million dollarlik metall mahsulotini qayta ishlash loyihasi birinchi bosqichi ishga tushirilib, 400 ta ish oʻrni yaratildi. “Namangan sement” qoʻshma korxonasi tomonidan esa 70 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, yiliga 1,2 million tonna sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    2023-yilda Namangan viloyati va Xitoy oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 325 million dollarni tashkil etib, 2017-yilga nisbatan 3,5 barobarga ortdi. Xitoyning viloyat eksport hajmidagi ulushi 25 foiz, mahsulot importidagi ulushi esa 35 foizga toʻgʻri kelmoqda.

    Xalqaro anjumanda Namangan viloyati haqida xitoy tilida suratga olingan maxsus videorolik namoyish etildi. “Namangan” va “Kosonsoy-farm” erkin iqtisodiy zonalari, shahar-tumanlarda barpo etilgan 72 ta kichik sanoat zonasi, viloyatning eksport salohiyati haqida maʼlumot berildi.

    Shavkat Abdurazzaqov Xitoy investorlarini Yangi Namangan shaharchasi, Chodak va Nanay turizm obyektlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga chaqirdi. Viloyatda joriy yil may iyun oylarida boʻlib oʻtadigan 63-xalqaro gullar festivaliga taklif etdi.

    Forum yakunida kelishuv va memorandumlarni imzolash jarayoni boʻlib oʻtdi va umumiy qiymati 1 milliard dollarga yaqin investitsiya shartnomalari imzolandi. Ular orasida kichik GES va koʻp qavatli turar joy komplekslari barpo etish, elektromobillarni quvvatlash qurilmalari va yoritish chiroqlari, qishloq xoʻjaligida qoʻllanadigan dronlar, bolalar aravachalari, granit, gazoblok va bazalt toshlari ishlab chiqarish, noutbuklar va ularning ehtiyot qismlarining tayyorlash kabi koʻplab loyihalar bor.