Namanganda “Xyunday” avtomobil zavodini qurish masalasi muhokama etildi

    Transport 22 Sentabr 2020 744

    Namanganda “Xyunday” avtomobil zavodini qurilishini boshlashni tezlashtirish masalasi muhokama qilindi.

    Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozarov taklifiga binoan mamlakatimizning Seuldagi Elchixonasi tomonidan Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi huzuridagi Koreys-Oʻzbek assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Kim Chang Keon raisligidagi delegatsiya tashrifi tashkil etildi.

    Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad Investitsion loyihalarni birgalikda amalga oshirishni tezlashtirish masalasini muhokama etishdir.

    Bugun Namangan shahrida Kim Chang Keon va viloyat hokimi Xayrullo Bozarov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralarda shuningdek, “Evergreen Motors” kompaniyasi ning avtomobil biznesi boʻyicha ijrochi vitse-prezidenti Kim Ik Dong, “Hyundai Motors UZ Namangan” qoʻshma korxonasi rahbari Kim Yong Chol, Oʻzbekistondagi Koreys-Oʻzbek Biznes Assotsiatsiyasi vakolatxonasi rahbari Yun DJuk Sok, shuningdek, viloyat hokimiyatining masʼul rahbarlari ishtirok etdilar.

    Uchrashuv davomida “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida “Xyunday” tijorat avtomobillarini ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boʻyicha loyihani amalga oshirishning keyingi amaliy bosqichlari boʻyicha kelishuvlarga erishildi. “Hyundai Motors” Janubiy Koreya kompaniyasining investitsion loyihaning texnik parametrlarini hal etishiga qarab, loyihani amalga oshirishni 2020-yil oktyabr oyining oxirigacha boshlash moʻljallanayotgani taʼkidlandi.

    Shuningdek, obyekt qurilishi boʻyicha rejalar bilan tanishish maqsadida “Namangan” erkin iqtisodiy zonasidagi avtomobil zavodi uchun ajratilgan hududga tashrif amalga oshirildi. Undan tashqari, Koreys-Oʻzbek Biznes Assotsiatsiyasiga aʼzo-kompaniyalarni jalb etgan holda tijorat avtomobillari uchun butlovchi va ehtiyot qismlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga yoʻnaltirilgan istiqboldagi qoʻshma loyihalar boʻyicha fikr almashildi.

    Janubiy Koreya delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi davom etadi.