Muddatidan ilgari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasining navbatdan tashqari yig'ilishi bo'lib o'tdi. Bu haqida mazkur saylov okrugining Matbuot markazi xabar bermoqda.

Yig'ilishda saylov o'tkazuvchi okrug komissiyalari a'zolarining saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishdagi asosiy vazifalari, saylov jarayonlarini umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga rioya etilgan holda, Saylov kodeksi talablari asosida uyushqoqlik bilan tashkil etishdagi ko'nikmalarini oshirish xususida batafsil so'z yuritildi. Bu borada komissiya a'zolarining vazifalari belgilab berildi.

Shuningdek, komissiya raisi o'rinbosari, kotibi va komissiya a'zolari uchun a'zolik guvohnomalari topshirildi. Ma'lumki, komissiya a'zolari 15 nafarni tashkil etib, ularning barchasi oliy ma'lumotli va huquqshunos, muhandis, iqtisodchi, pedagog, jurnalist va boshqa mutaxassisliklarga ega. Komissiya a'zolarining 53 foizi xotin-qizlardan iborat.

Yig'ilishda okrug saylov komissiyasi Matbuot markazi ham tashkil etildi hamda uning raisi, o'rinbosari va a'zolari tasdiqlandi.