Namangan viloyatida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 yanvardagi “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati davlat korxonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Namangan viloyatida “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari bo'lib o'tdi.

Viloyat hokimligi ko'magi bilan Namangan davlat universitetida tashkil etilgan tadbirda "Yangi O'zbekiston" va "Pravda Vostoka" gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko'chimov, tahririyat xodimlari, hokimlik mas'ullari, keng jamoatchilik vakillari – ziyolilar, yozuvchi-shoirlar, mahalla faollari, nuroniylar, davlat va nodavlat tashkilotlar mas'ullari, oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda so'zga chiqqanlar “Yangi O'zbekiston” ijtimoiy-siyosiy gazetasi yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarning hayotiy ifodasi sifatida tashkil etilganini alohida e'tirof etib, o'tgan qisqa davr mobaynida u katta auditoriyani qamrab olgani, tahliliy-tanqidiy mazmundagi maqolalar bilan bugungi islohotlar samaradorligiga munosib hissa qo'shib kelayotganini qayd etdi.

Tadbirda, shuningdek, talaba yoshlar o'rtasida gazetalar faoliyatiga doir tezkor-savol-javoblar o'tkazildi. G'oliblar va faol ishtirokchilar tahririyatning esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.