Xabarda aytilishicha, DXXning tezkor tadbirlar davomida yashirin “hujralar” tashkil etib, diniy taʼlim berish yoʻli bilan noqonuniy daromad topayotgan “uddaburonlar”ning qilmishlari fosh etildi.
Jumladan, Namangan shahrining Baliqchi koʻchasida istiqomat qiluvchi, 1995-yilda tugʻilgan fuqaro koʻp qavatli uylarning birida 15 nafar shaxsga diniy saboq bergan boʻlsa, Maʼrifat mahallasida yashovchi, 1974-yilda tugʻilgan ayol oʻz xonadonida 14 nafar voyaga yetmagan bolaga diniy oʻqish tashkil etib, ularning har biridan oyiga 1,5 million soʻmdan pul olib kelgan.
Yangi Namangan tumanida qayd etilgan holatda esa 1983-yilda tugʻilgan shaxs Mehnatobod mahallasidagi yashirin “hujra”da 10 nafar voyaga yetmagan qizlarga va 3 nafar fuqaroga diniy taʼlim berib kelgan.
Ayni shu kabi holat Uychi tumanining Mashad mahallasida ham kuzatilib, unda 48 yoshli fuqaro oʻz uyida voyaga yetmagan bolalarni toʻplab, moddiy manfaat evaziga diniy saboq berish bilan shugʻullangan.
Taʼkidlash lozimki, bunday qonunbuzarliklar Toʻraqoʻrgʻon va Namangan tumanlarida istiqomat qiluvchi 1975 va 1981-yilda tugʻilgan 2 nafar shaxs tomonidan ham sodir etilgan.
Qilmishlari fosh boʻlgan barcha soxta “dindorlar” hamda bolalarni tarbiyalash majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga nisbatan amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan choralar koʻrildi.