Namanganda yirik mevachilik klasteri tashkil etiladi

    Agrosektor 28 Aprel 2023 2227

    Namangan viloyatining Chortoq tumani Ora ariq mahallasida yirik mevachilik klasteri quriladi.

    Bu haqda viloyat hokimligi matbuot kotibi Farhod Mamadaliyev maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, yirik mevachilik klasteri tumandagi asosiy infratuzilmalardan boʻlishi kutilmoqda.

    “Ushbu loyiha mevachilik iqtisodiyotiga katta taʼsir oʻtkazadi. Dastlab 50 gektar maydonga jahon bozorida xaridorgir noyob karam mahsulotlari ekiladi va eksporti yoʻlga qoʻyiladi”, - dedi Farhod Mamadaliyev.

    Mazkur loyiha Rossiya bilan hamkorlikda boʻlib, toʻgʻridan toʻgʻri 20,9 mln dollar miqdorda investitsiya kiritiladi.

    “Loyiha doirasida intensiv bogʻ barpo qilinadi. Unda mahalliy va jahon bozorida talab katta boʻlgan mevali daraxtlarni yetishtirish orqali yuqori koʻrsatkichli hosil olish rejalashtirilmoqda. Klasterni ishga tushirish va samarali foydalanishda malakali mutaxassislar jalb qilinmoqda”, - deya qoʻshimcha qildi Mamadaliyev.

    Chortoq tumani hududida 679,2 gektar adir maydonida meva-sabzavot va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi va eksportga yoʻnaltiriladi.

    Loyihani toʻliq ishga tushirilishi natijasida 180 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Maʼlumot uchun, Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon, Chust, Pop va Chortoq tumanlarida meva-sabzavotchilik rivojlanmoqda.