Namanganda yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni barvaqt oldini olishga bagʻishlangan ochiq muloqot oʻtkazildi

    Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan Namangan viloyat sudi, viloyat maʼmuriy sudi va Namangan viloyat yoshlar ittifoqi hamkorligida “Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni barvaqt oldini olish”ga bagʻishlangan ochiq muloqot oʻtkazildi.

    Muloqotda, probatsiya guruhi hisobida turgan va jazo oʻtayotgan yoshlar ittifoqi tomonidan kafillikka olingan yoshlar, voyaga yetmaganlar, jinoyatga moyilligi bor yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi. Muloqotni viloyat sudining raisi Abdurasul Eranov kirish soʻzi bilan ochib, yoshlarni turli salbiy illatlardan, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishiga olib keluvchi tahdid va omillardan asrash, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, ertangi kunimizga befarq boʻlmaslik barchamizning fuqaroviy burchimiz ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, huquqbuzarlik yoki jinoyatni bir qismi tayinli bir ish joyiga ega boʻlmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotgani, bunday shaxslar tomonidan huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olishda aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini aytib oʻtdi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining oʻrinbosari Alisher Jalilov yoshlarni maʼnaviyatini oshirish va kasbga oʻrgatish bilan band qilib, ularning maʼnaviy dunyosini boyitish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratish lozimligini, shuningdek, kitob oʻqishni targʻib qilish, sanʼatni rivojlantirish, yoshlarning iqtidorini namoyon etish sportga qiziqtirish, ular oʻrtasida har xil tanlovlar, musobaqalar oʻtkazish, muayyan ish bilan band qilish jinoyatlarning kelib chiqishini oldini olishga asosiy omil boʻlishini tushuntirib oʻtdi.

    Erkin tarzda oʻtgan suhbatda, ayrim yoshlarning sodir etgan jinoyati xususida ham soʻz yuritilib, jazoni oʻtashda unga qoʻyilgan talablar yuzasidan muloqot qilindi. Yoshlar qilgan jinoyatlari bilan ota-onalarining yuzlarini yerga qaratib qoʻyishgani, mahallada va oshna-ogʻaynilari oʻrtasida ham uyalib qolishgani xususida soʻz yuritildi.

    Ochiq muloqot davomida sayyor sud majlisi oʻtkazilib, probatsiya guruhida hisobda turib jazo oʻtayotgan yoshlar va fuqarolar insonparvarlik tamoyili asosida jazodan muddatidan oldin shartli ozod etildi. Jumladan, 1996-yilda Namangan tumanida tugʻilgan I.M. 2020-yil 2-fevral kuni soat tungi 01:30 lar chamasida B.Ndan qarzini berishni talab qilib, janjallashayotgan vaqtida Namangan shahar Ichki ishlar boʻlimi xodimlariga boʻysunmasdan, ularga faol qarshilik koʻrsatib, qoʻlida boʻlgan kanselyariya pichoqchasi bilan Ichki ishlar xodimiga tan jarohati yetkazgan.

    Unga nisbatan JKning 219-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari boʻyicha Namangan shahar sudining tomonidan 2020-yil 14-avgustdagi hukmiga koʻra 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. I.M. axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtash davrida intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilmagani, tuzalish yoʻliga toʻliq oʻtgani, ish joyi va mahalladan ijobiy tavsiflangani inobatga olinib Probatsiya boʻlimi tomonidan I.M.ni oʻtalmay qolgan jazosidan muddatidan oldin shartli ozod etish yuzasidan sudga taqdimnoma kiritilgan.

    Sud tomonidan ushbu taqdimnoma koʻrib chiqilib, I.M.ni 1 yil 3 oy axloq tuzatish ishlari jazosidan muddatidan oldin shartli ozod qilindi. Muloqot davomida yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga ham javob olib, ota-onalarni ham fikr-mulohazalari tinglandi. Tadbir soʻngida Sudyalar Oliy kengashi tomonidan yoshlarning maʼnaviyatini oʻstirish maqsadida badiiy kitoblar sovgʻa qilindi.

    Ilyosjon Usmanov,
    Viloyat sudi sudyasi