Davlatobod tumanida “Vatanparvarlar bogʻi” majmuasining ochilishi bayramga oʻziga xos sovgʻa boʻldi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda viloyat sektorlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik va yoshlar vakillari ishtirok etdi.
Majmuaning qurilishida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan konsepsiya boʻyicha talablar bajarilgan: bogʻda koʻrgazma sifatida harbiy texnikalar oʻrnatildi, Vatan himoyasi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarimizning byustlaridan iborat boʻlgan “Qahramonlar nomi barhayot” kompozitsiyasi hamda “Vatanparvarlik muzeyi” barpo etildi. Shuningdek, bogʻda yoshlarning mazmunli dam olishlari va chiniqishlari uchun turli mashq maydonlari, harbiy mudofaa istehkomlari va boshqa inshootlar barpo etildi.
“Qahramonlar nomi barhayot” kompozitsiyasida oʻz xizmat vazifasini oʻtash chogʻida halok boʻlgan 14 nafar namanganlik yigitlarning byusti ostiga gulchambarlar qoʻyildi.
— Oʻgʻlim Abdulboqi yoshligidan harbiy boʻlishni orzu qilgan, — deydi Uchqoʻrgʻon tumani “Qayqi” qishlogʻidan kelgan Muhammadali ota Holmatov. — Orzusi ushalib, oddiy askarlikdan serjantlikkacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Taqdir ekan, oʻz xizmat vazifasini oʻtash chogʻida halok boʻldi. Farzand dogʻida kuygan boʻlsakda, bugun uning xotirasiga koʻrsatilgan ehtiromdan boshim koʻkka yetdi. Shu bogʻda oʻgʻlimning siymosi turganidan taskin topdim.
Darhaqiqat, Namanganda bayram kuni taqdimoti oʻtkazilgan “Vatanparvarlar bogʻi” elning mard oʻgʻlonlari uchun chinakam haykal boʻldi.
Ilhomjon Rahmatov.