Namanganlik oʻqituvchi 11 yilda 21 nafar oʻquvchini Respublika olimpiadasiga olib chiqqan

    Ijtimoiy hayot 7 May 2021 2021

    Dilfuza Qurbonova Namangan tumanidagi 16-umumtaʼlim maktabining fransuz tili fani oʻqituvchisi. Mehnat faoliyatini 1993-yilda hozirgi Andijon davlat universiteti fransuz tili filologiyasi yoʻnalishini tamomlab, Namangan tumanidagi 13-umumtaʼlim maktabida boshlagan. Muallima 28 yildan buyon yosh avlod kamoli yoʻlida tinimsiz izlanishda.

    2006 – 2018-yillarda Olahamak iqtisodiyot kollejida, 2018-yildan beri 16-umumtaʼlim maktabida samarali mehnat qilmoqda. Dilfuza Kurbonovani hududdagi 4-5 ta qishloq bolalari yaxshi tanishadi. U oʻzi taʼlim berayotgan har bir oʻquvchi, albatta, mukammal bilim olishi va munosib natijalarga erishishi kerak, degan ahd bilan ishlaydi, izlanadi, shu maqsad roʻyobi yoʻlida tashabbuslarga intiladi.

    Buning samarasi oʻlaroq 2007 – 2018-yillar mobaynida jami 21 nafar oʻquvchisi fransuz tili fanidan respublika olimpiadasida faxrli oʻrinlarni egallab, oliy taʼlim dargohlariga imtiyozli qabul qilingan. Pedagoglik faoliyati davomida 400 nafar oʻquvchining oliy oʻquv yurtlari talabasiga aylanishi uchun bilim-salohiyatini ayamagan. Fidoyi ustozning 96 nafar shogirdi aynan fransuz tili boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlib, dunyoning turli mamlakatlarida va yurtimizdagi nufuzli tashkilotlarda faoliyat yuritmoqda. Vaqtni qadrlaydigan va bilim olishga, yangiliklarni oʻrganishga aslo erinmaydigan muallima 2013-yili Fransiyaning CIEL Bretan xalqaro til oʻrgatish markazida oʻz malakasini oshirib qaytdi. 2017-yilda “Eng yaxshi chet tili fani oʻqituvchisi” respublika tanlovining mamlakat bosqichida 2-oʻrin sohibasi boʻldi. “Ustoz – 2020” milliy mukofoti tanlovining 1-2-bosqichlari muvaffaqiyatli ishtirokchisi, yaqinda Xalq taʼlimi vazirligi, Yaponiyaning JICA tashkiloti, Oʻzbekiston vakolatxonasi va Japan Digital University tomonidan tashkil etilgan loyihada 5 ta modul asosida muvaffaqiyatli qatnashib, noutbuk bilan taqdirlandi.

    Ayni kunlarda qahramonimizning maktabda 35 nafar, uyida esa 20 dan ziyod qoʻshni qishloqlardan kelib, oliy taʼlim oʻqishga kirish uchun tayyorgarlik koʻrayotgan abituriyentlari bor. Tinim bilmas Dilfuza Qurbonova 11-sinf oʻquvchisi - yaqinda boʻlib oʻtadigan fan olimpiadasining respublika bosqichi ishtirokchisi Mahliyo Sotvoldiyeva bilan ham astoydil qoʻshimcha mashgʻulotlar olib bormoqda.

    “Til bilgan - el biladi” maqolini hayot mezoniga aylantirgan pedagog 3 nafar oʻz farzandini ham fransuz va koreys tillarini puxta oʻzlashtirishiga erishgan. Oilada mehribon ona, munosib umr yoʻldosh, jamiyatda jonkuyar ustoz, talabchan muallima Dilfuza Qurbonovani tom maʼnoda zamonamiz qahramoni, deyish mumkin.

    Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi

    Axborot xizmati