Namanganlik qiz ham Prezident, ham al Xorazmiy nomidagi maktab sinovidan oʻtdi

    Ta'lim 20 Sentabr 2021 4340

    Dilnura Burhonjonova. Namangan shahridagi 58-DIMIning 4-sinfida tahsil oladi.

    Maktabda aʼlo oʻqishi, namunali xulqqa ega boʻlish bilan birga boʻsh vaqtlarida badiiy gimnastika sport turi bilan shugʻullanadi, shuningdek, mental arifmetika toʻgaragiga ham ishtirok etadi.

    Yosh isteʼdod sohibasi 2018-yildayoq “Yilning eng faol oʻquvchisi” nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan.

    2019-yil 24-fevralda Toshkent shahrida oʻtkazilgan badiiy gimnastika boʻyicha turnirda faxrli 3-oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi. Shuningdek, Namangan shahridagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi faxriy yorliqlari bilan bir necha bor taqdirlandi.

    2020-yil 29-sentyabrda Andijon shahrida oʻtkazilgan «Mental arifmetika» boʻyicha ochiq olimpiadada faxrli 1-oʻrinni, 15-oktyabrda Namangan shahrida oʻtkazilgan «Mental arifmetika» boʻyicha ochiq olimpiadada faxrli 2-oʻrinni egalladi.

    Bugungi kunga qadar barcha fanlardan aʼlo baholarga oʻqib, joriy yilda Namangan shahridagi Prezident maktabi hamda Toshkent shahridagi Muhammad al Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan IT maktabiga hujjat topshirgan edi. Yakuniy natijalarga koʻra, Dilnura har ikki maktabga qabul qilindi.

    Dilnuraning ushbu yutuqlarida Namangan shahridagi 58-DIMIdagi ustozlari hamda onasi Namangan davlat universiteti matematika kafedrasi oʻqituvchisi Dilnoza Mahmudovaning hissalari beqiyos. Dilnurani oldinda hali koʻplab yutuqlar, muvaffaqiyatlar kutib turibdi. Zero oʻqigan, ilmga intilgan inson hamisha hayotda oʻz oʻrnini egallaydi.